Bir guruh oʻzbekistonlik onkolog shifokorlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan onkojarrohlik boʻyicha xalqaro stajirovkasini boshladi.
Ochiq tanlov natijasiga koʻra, Oʻzbekistonning yetakchi tibbiyot muassasalarining besh nafar mutaxassisi Fransiyaning ilgʻor onkologiya markazlari va tibbiyot universitetlari ishtirokida Strasburg hamda Parij shaharlarida malaka oshirish imkoniyatiga ega boʻldi.

Taʼlim dasturi zamonaviy koʻkrak bezi onkojarrohligi, onkologik kasalliklarni tashxislash va davolash boʻyicha nazariy va amaliy modullarni oʻz ichiga oladi. Dastlabki ikki hafta davomida shifokorlar nur diagnostikasi, onkoplastik jarrohlik, koʻkrak bezini qayta tiklash, radioterapiya, oʻsmalar genetikasi, target va immunoterapiyaning zamonaviy usullarini qamrab olgan intensiv nazariy kursda qatnashadi.
Dasturning amaliy qismi Fransiyaning ICANS kabi yetakchi tibbiyot muassasalarida stajirovka oʻtashni, shuningdek, Parijning eng yirik onkologiya markazlari – Gustav Russi va Kyuri institutlarida klinik amaliyotni oʻz ichiga oladi.

Stajirovka yakunida Fransiya tomoni oʻzbekistonlik mutaxassislarga Markaziy Osiyoda ilk koʻkrak bezi saratoni jarrohligi boʻyicha professional assotsiatsiyani tashkil etishda ekspert koʻmagini koʻrsatishi kutilmoqda. Bu mintaqada zamonaviy onkologik yordamni rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadam boʻladi.

