Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida davlat xizmatchilari uchun nufuzli xorijiy universitetlarning magistraturasiga xalqaro grant dasturlari orqali oʻqishga kirish mavzusida ikki kunlik maxsus oʻquv seminari boʻlib oʻtdi.
Tadbir “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Seminarda 70 nafarga yaqin davlat xizmatchisi qatnashdi.

Taʼkidlanganidek, inson kapitalini rivojlantirish va kadrlar malakasini oshirish “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.
Ikki kun davomida ishtirokchilar jahon darajasidagi universitetlarga oʻqishga kirish uchun hujjatlarni tayyorlash hamda Fulbright, Chevening, JDS va KOICA kabi xalqaro grant dasturlarida ishtirok etish boʻyicha amaliy bilimga ega boʻldilar.
Tinglovchilar oldida yetakchi xorijiy universitetlar bitiruvchilari, xalqaro grant sohiblari va akademik mobillik sohasi mutaxassislari soʻzga chiqdilar. Seminar doirasida “Top-100” universitetlarni tahlil qilish, xalqaro standartlar asosida motivatsion xat va CV tayyorlash, tadqiqot taklifini (research proposal) yozish, suhbatdan oʻtish, shaxsiy grant strategiyasini tuzish hamda tavsiyanomalar tayyorlash masalalari koʻrib chiqildi.
Ommaviy nutq soʻzlash koʻnikmalarini rivojlantirish, nomzodni strategik jihatdan taqdim etish, shuningdek, madaniy kompetentlik va xalqaro akademik muhitga moslashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Dasturning yana bir bloki tanlov komissiyalari psixologiyasi hamda “Nega aynan siz?” (“Why you?”) konsepsiyasini shakllantirishga, yaʼni xorijiy universitetlar va grant tashkilotlari nomzodlarning yetakchilik salohiyati, kasbiy maqsadlari va oʻqishni tamomlab qaytgach, oʻz mamlakati rivojiga qoʻshadigan hissasini qanday baholashini tushunishga bagʻishlandi.
Ushbu seminar Oʻzbekiston davlat xizmatchilarining dunyoning yetakchi universitetlarida taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish va mamlakatning kadrlar salohiyatini mustahkamlash yoʻlidagi yana bir amaliy qadam boʻldi. Bunday dasturlar bilimlarning global raqobati, zamonaviy boshqaruv yondashuvlari va xalqaro hamkorlik sharoitida ishlay oladigan davlat xizmatchilarining yangi avlodini shakllantirishga qaratilgan.

