Doktorantura taʼlim dasturlari boʻyicha ochiq stipendiya tanlovlarida ishtirok etish
“El-yurt umidi” jamgʻarmasining istiqbolli kadrlarni xorijda maqsadli tayyorlashga qaratilgan taʼlim dasturlari boʻyicha ochiq stipendiya tanlovida quyidagi shaxslar ishtirok eta olmaydi:
a) bakalavriat taʼlim dasturi boʻyicha 30 yoshdan katta boʻlgan, shuningdek, avval oʻxshash mutaxassislik boʻyicha xorijda bakalavriatda taʼlim olganlar;
b) magistratura taʼlim dasturi boʻyicha — 22 yoshdan kichik va 40 yoshdan katta boʻlgan, shuningdek, avval ayni yoki turdosh mutaxassislik boʻyicha xorijda magistraturada taʼlim olganlar;
v) doktorantura taʼlim dasturi boʻyicha (shu jumladan, aspirantura orqali falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun) — 25 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta boʻlgan, shuningdek, avval falsafa doktori (PhD), fan nomzodi yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini xorijda olganlar, Oʻzbekistonda fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olganlar;
g) magistratura taʼlim dasturiga hujjat topshirishda 1 yildan kam, doktorantura taʼlim dasturiga esa 2 yildan kam mehnat stajiga ega boʻlganlar;
d) oliy maʼlumotga ega boʻlmaganlar (mazkur talab bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha nomzodlarga tatbiq etilmaydi);
e) xorijiy mamlakatlarda taʼlim olishi bilan bogʻliq xarajatlari xalqaro yoki xorijiy tashkilotlar, xorijiy oliy taʼlim va ilmiy muassasalar tomonidan, shu jumladan, Chevening, Fullbright, Erasmus Mundus, DAAD, KOICA, JICE va shunga oʻxshash boshqa dasturlar asosida ajratiladigan grantlar yoki stipendiyalar orqali toʻliq moliyalashtiriladiganlar;
j) xorijda sirtqi va onlayn dasturlar orqali taʼlim oladiganlar;
z) jinoyat sodir etganlik uchun sudlanganligi tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmaganlar.
DOKTORANTURA TAʼLIM DASTURLARI boʻyicha ochiq stipendiya tanlovlari uchun nomzodlar Jamgʻarmaga quyidagi hujjatlarni taqdim qiladilar:
a) taʼlim dasturi, shu jumladan oʻqiydigan mutaxassisligi, tanlangan mamlakat, taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasa koʻrsatilgan holda belgilangan shaklda Jamgʻarma ijrochi direktori nomiga ariza;
b) pasport (ID-karta) nusxasi;
v) xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi xalqaro sertifikat.
Bunda:
International English Language Testing System (IELTS) Academic xalqaro sertifikati boʻyicha bakalavriat bosqichi uchun kamida 6 ball, magistratura va doktorantura bosqichlari uchun kamida 7 ball (yoki shunga teng darajada boshqa xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tillarni bilish darajasi sertifikati) boʻlishi talab etiladi;
Boshqaruv kengashi xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlash uchun talab etiladigan ballarni qayta koʻrib chiqish va tasdiqlash huquqiga ega;
xorijiy taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasaga shartsiz qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi taklifnoma-xatni (Letter of acceptance/Letter of admission) taqdim etgan nomzodlar xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi xalqaro sertifikatni taqdim etishi talab qilinmaydi;
g) xorijiy taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasaga oʻqishga qabul qilinganligi yoki shartli qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi amalda kuchga ega boʻlgan, taʼlim yoʻnalishi yoki mutaxassisligi aniq koʻrsatilgan taklifnoma-xat (Letter of acceptance/Letter of admission yoki Letter of conditional acceptance/Letter of conditional admission, yoki ularga tenglashtirilgan boshqa rasmiy hujjat).
Bunda nomzod oʻqishga qabul qilingan xorijiy taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasasi tegishli kvotalarga belgilangan talabdan kelib chiqqan holda tanlov oʻtkaziladigan kalendar yil (undan oldingi yoki keyingi yil) uchun amalda boʻlgan TNE (The Times Higher Education World University Rankings) yoki QS (Quacquarelli Symonds World University Rankings) akademik reytingining global reytingida eng ilgʻor taʼlim va ilmiy muassasalar roʻyxatidan joy olgan boʻlishi lozim.
d) Jamgʻarma tomonidan belgilangan shaklda nomzodning shaxsiy, akademik va kasbiy muvaffaqiyatlari aks ettirilgan maʼlumotnoma;
e) grant asosida (taʼlim xarajatlarining faqatgina oʻqish uchun toʻlov qismi xorijiy davlatlar, tashkilotlar, taʼlim yoki ilmiy muassasalar tomonidan toʻliq qoplanadigan) oʻqishga qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjat (xalqaro reytinglardagi eng yuqori 100 talik va 300 talik taʼlim muassasasiga grant asosida oʻqishga qabul qilingan nomzodlar uchun);
j) qisman grant asosida (taʼlim xarajatlarining faqatgina oʻqish uchun toʻlov qismi xorijiy davlatlar, tashkilotlar, taʼlim yoki ilmiy muassasalar tomonidan kamida 50 foizi qoplanadigan) oʻqishga qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjat (QS reyting tashkiloti global reytingining eng yuqori 20 talik taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilingan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari bitiruvchilari uchun).
Qoʻshimcha ravishda quyidagilarni taqdim qiladi:
a) magistratura taʼlim dasturini tugatganlik toʻgʻrisida belgilangan shakldagi diplom (ilovasi bilan);
b) mehnat daftarchasi nusxasi, bunda nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga toʻliq kiritilgan boʻlishi shart;
v) nomzodning Oʻzbekistonda va xorijdagi ilmiy jurnallarda eʼlon qilingan ilmiy maqolalari roʻyxati hamda ularning elektron variantlari;
g) tanlangan sohani rivojlantirish hamda uning natijalarini Oʻzbekistonda qoʻllash uchun nomzod tadqiqotining dolzarbligi toʻgʻrisida tegishli taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasa rahbarining tavsiya xati;
d) rejalashtirilayotgan ilmiy tadqiqotning maqsadlari, uslublari va natijalari, ularni Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari haqidagi yozma ish (motivatsion esse).