Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
istiqbolli va talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlari strategik korxonalari, shuningdek, yetakchi oliy taʼlim muassasalari, tadqiqot va tahliliy markazlari xodimlari, shuningdek, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari oʻqituvchi va mutaxassislarining muddati 1 oydan 6 oyga qadar boʻlgan maqsadli stajirovkadan oʻtish dasturlarini tashkil etish va moliyalashtirish;
xorijiy nufuzli taʼlim, ilmiy va boshqa tashkilotlarining bakalavriat, magistratura va doktoranturasida taʼlim olish dasturlari boʻyicha ochiq stipendiya tanlovlarini tashkil etish va moliyalashtirish;
iqtidorli va istiqbolli kadrlarni ilgʻor xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalar, kompaniyalar va boshqa tashkilotlar faoliyati bilan tanishtirish maqsadida xalqaro konferensiyalar, forumlar, koʻrgazmalar, seminarlar va boshqa ilmiy-amaliy tadbirlar, shu jumladan onlayn shaklda tashkil etish va moliyalashtirish;
Jamgʻarma stipendiatlarining xorijda taʼlim olishi yoki stajirovka oʻtashini tashkil etish va moliyalashtirish, mazkur jarayonlar monitoringini yuritish, stipendiatlarga zarur tashkiliy-uslubiy yordam koʻrsatib borish;
Jamgʻarma stipendiatlari bilan muntazam aloqalarni yoʻlga qoʻyish, ularning xorijda olgan bilim va koʻnikmalarini amaliyotga joriy etishga hamda kasbiy kamolotiga koʻmaklashish maqsadida har yili kamida bir marotaba stipendiatlar va bitiruvchilar forumini oʻtkazib borish;
xorijiy olimlar, oʻqituvchilar, muhandislar va boshqa mutaxassislarni, shu jumladan vatandoshlarni taʼlim, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalariga, ayniqsa, yangi, istiqbolli tarmoqlarga jalb etish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish, dolzarb muammolarini hal etish, ularning salohiyatidan samarali foydalanishni taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish va tadbirlarni amalga oshirish;
taʼlim, ilmiy tadqiqotlar, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot, davlat boshqaruvi va ijtimoiy sohalar uchun istiqbolli mutaxassislarni tayyorlash maqsadida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni hamda oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish.