Jamg‘arma stipendiyalari “El-yurt umidi” jamg‘armasining istiqbolli kadrlarni xorijda maqsadli tayyorlashga qaratilgan ta’lim dasturlari bo‘yicha ochiq stipendiya tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom talablari asosida ochiq stipendiya tanlovidan muvaffaqiyatli o‘tgan shaxslarga (stipendiatlar) xorijda ta’lim olish maqsadida quyidagi xarajatlarni qoplash uchun ajratiladi:
– xorijiy ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalarda stipendiatlarning bakalavriat, magistratura va doktoranturada ta’lim olish dasturlarida o‘quv to‘lovlari (tuition fees) bo‘yicha;
– viza olish bo‘yicha;
– xorijda ta’lim olish davrida tibbiy sug‘urtalash bo‘yicha;
– stipendiatlarning barcha turdagi transport vositalarida ta’lim olish joyiga yetib borishi va qaytib kelishi bilan bog‘liq yo‘lkira xarajatlari (bir o‘quv yilida bir marta);
– yashash uchun (shu jumladan, turarjoy ijarasi bo‘yicha) va kunlik xarajatlar (jamg‘arma, stipendiat, ish beruvchi va kafillar o‘rtasida imzolanadigan to‘rt tomonlama shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda);
– zarur o‘quv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish, shu jumladan darsliklar sotib olish;
– Jamg‘arma Boshqaruv kengashi qaroriga ko‘ra stipendiatlarning xorijda ta’lim olishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlari.
Har bir ta’lim dasturi bo‘yicha bir nafar stipendiatga ajratiladigan xarajatlarning (shu jumladan, ta’lim olish dasturlarida o‘quv to‘lovlari) cheklangan miqdori Jamg‘arma Boshqaruv kengashi tomonidan belgilanadi.
Boshqaruv kengashining tanlov g‘oliblari ro‘yxatini tasdiqlash bo‘yicha qarori qabul qilingan kundan boshlab Stipendiatning xorijda ta’lim olish bilan bog‘liq qilgan tegishli xarajatlari Jamg‘arma tomonidan moliyalashtirilib boriladi.