Bugun, 15-aprel kuni “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova nufuzli xorijiy universitetlarda tahsil olayotgan stipendiatlar hamda Jamgʻarma huzuridagi Ota-onalar kengashi bilan bir qator onlayn uchrashuvlar oʻtkazdi.

Muloqotlarga AQSH, Kanada, Yevropa, Osiyo va Avstraliyadagi talabalar qoʻshildi va bu jamgʻarmaning deyarli barcha asosiy taʼlim yoʻnalishlarini qamrab olish imkonini berdi.
Taʼkidlanganidek, har bir stipendiat — “El-yurt umidi” jamgʻarmasi katta oilasining aʼzosi, Oʻzbekiston farzandidir. Ularning hayoti, sogʻligʻi va xavfsizligi masalalari ish faoliyatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib qoladi. Jamgʻarma stipendiatlar faoliyati, oʻqishini doimiy monitoringini olib boradi va yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi.
Uchrashuvlar ochiq muloqot shaklida oʻtdi va unda stipendiatlar jamgʻarma rahbariyatiga bevosita savol berish hamda dolzarb mavzularni muhokama qilish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Akademik oʻzlashtirish va xorijda boʻlishning tashkiliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Stipendiatlar xorijda taʼlim olish tajribasi bilan oʻrtoqlashdilar, moslashish, oʻquv yuklamasi va kasbiy rivojlanish masalalarini koʻtardilar.
Ushbu shakldagi muntazam uchrashuvlar qayta aloqaning muhim vositasiga aylanib, stipendiatlar murojaatlariga tezkor munosabat bildirish imkonini bermoqda. Jamgʻarma oʻquv jarayonining barcha bosqichlarida oʻz stipendiatlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda davom etadi.

