“El-yurt umidi“ jamgʻarmasi va Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi taʼlim tizimining kadrlar salohiyatini yuksaltirish hamda xalqaro tajribalarni joriy etishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzoladi.
Tomonlar oʻzaro hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari, jumladan, pedagog kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, akademik almashinuvlarni kengaytirish, xorijda stajirovkalar tashkil etish, ilmiy-tahliliy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Psixologik qoʻllab-quvvatlash va kasbga yoʻnaltirish tizimlarini rivojlantirish hamkorlikning muhim elementiga aylanadi.
Tomonlar xorijda tahsil olayotgan stipendiatlarni qoʻllab-quvvatlash, nomzodlarning motivatsiyasi, yetakchilik salohiyati va kasbiy layoqatini baholash tizimlarini rivojlantirish, taʼlim psixologiyasi sohasidagi zamonaviy xalqaro amaliyotlarni joriy etishga qaratilgan qoʻshma dasturlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
“Bugungi kunda taʼlim tizimini rivojlantirish nafaqat dasturlarni yangilashni, balki xalqaro standartlar asosida ishlay oladigan yangi avlod kadrlarini tayyorlashni ham taqozo etadi. Qoʻshma tashabbuslar ilgʻor xorijiy tajribani integratsiya qilish va Oʻzbekistonda zamonaviy taʼlim muhitini shakllantirish imkonini beradi“, — dedi “El-yurt umidi“ jamgʻarmasi ijrochi direktori, professor Gulnoza Ismailova.
Memorandumning amalga oshirilishi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va taʼlim tizimida mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

