O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-sentyabrdagi PF-5545-sonli Farmoni bilan tashkil etilgan.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali 2018 – 2025-yillarda 2300 nafarga yaqin stipendiat 45 ta mamlakatga ta’lim olishga yuborildi. Bugungi kunda 1400 nafardan ortiq bitiruvchi Oʻzbekistonga qaytib kelib, iqtisodiyot, taʼlim, fan, tibbiyot va davlat boshqaruvi sohalarida faoliyat yuritmoqda. 740 nafardan ortiq stipendiat hozirda dunyoning nufuzli top-300 talik reytingiga kiruvchi universitetlarda tahsil olmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF-77-sonli “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash, ularda kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish va ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan 2025-yil 5-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash, ularning kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish va ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi etib qayta tashkil etildi.
Maqsad — iqtidorli yoshlar va mutaxassislarni xorijdagi nufuzli ta’lim, ilmiy va boshqa tashkilotlarda ta’lim olishini tashkil etish hamda davlat xizmatchilarini xorijiy mamlakatlarda o‘qitish va stajirovkasini tashkil etish orqali ularning kasbiy ko‘nikmalari, bilimi va tajribasini yanada oshirishdan iborat.
Qayta tashkil etish kadrlar tayyorlash koʻlamini kengaytirishga qaratilgan. Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan hamkorlikda inson kapitaliga investitsiya kiritishning strategik platformasi sifatida kadrlar tayyorlash boʻyicha yagona klaster shakllantirildi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasining asosiy missiyasi dunyoning nufuzli universitetlari va ilmiy markazlarida taʼlim olgan yangi avlod yetakchilari va mutaxassislar jamoasini shakllantirishdan iborat. Ular Vatanga qaytib kelib, ilgʻor bilimlarni joriy etish, davlat institutlarini mustahkamlash, sogʻliqni saqlash, taʼlim, iqtisodiyot, raqamlashtirish, madaniyat va boshqa muhim sohalarni yangi bosqichga koʻtarish orqali Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga hissa qoʻshadi.
Jamgʻarma iqtidorli yoshlar va global taʼlim tizimi oʻrtasida bogʻlovchi boʻgʻin vazifasini oʻtab, shu orqali barqaror oʻsishning asosiy resursi sifatida inson kapitalini mustahkamlaydi.
Yangi strategiya doirasida hududlardagi isteʼdodli yoshlarni, ayollarni, ilm-fan va davlat boshqaruvi sohasi vakillarini ularning joylashuvi yoki ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu barqaror rivojlanishning global maqsadlariga, jumladan, “Hech kim ortda qolmasin” degan muhim tamoyilga hamohang.
Quyidagilar Jamgʻarmaning asosiy vazifalari etib belgilandi:
- professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan kadrlarga bo‘lgan talabni o‘rganib borish asosida iqtidorli va istiqbolli mutaxassislarni tizimli ravishda aniqlash, tanlash va ularning xorijdagi davlat va nodavlat muassasalari hamda ilmiy-ta’lim tashkilotlarda ta’lim olishini tashkil etish;
- vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlari strategik korxonalari, shuningdek, yetakchi oliy ta’lim muassasalari, tadqiqot va tahliliy markazlari istiqbolli mutaxassislarining rivojlangan mamlakatlardagi yetakchi universitetlar, ilmiy markazlar, turli kompaniya va tashkilotlarda maqsadli stajirovkasini tashkil etish;
- nomzodlarni vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari ehtiyojlariga mos holda professional yo‘naltirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
- vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari tomonidan foydalaniladigan stipendiatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirib borish;
- stipendiatlarning O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar kiritish;
- mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada oshirish uchun stipendiatlar salohiyatidan samarali foydalanish;
- davlat tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, xorijda o‘zbek tili va O‘zbekiston tarixini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish va bu bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirishga ko‘maklashish;
- xorijiy universitetlar, ilmiy markazlar, turli kompaniya va tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda — xorijiy tashkilotlar) bilan ta’lim, tadqiqot va boshqa sohalarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish;
- Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda xorijdagi nufuzli ilmiy-tadqiqot, ta’lim va tibbiyot muassasalari, iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan, qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarimiz bilan aloqalar o‘rnatish hamda ularni O‘zbekistonda faoliyat yuritish uchun jalb qilishga ko‘maklashish;
- oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan, Scopus tizimida “Xirsh” indeksi (h-indeks) yuqori bo‘lgan olim, professor-o‘qituvchi va tadqiqotchilarni o‘quv kurs va fanlarni o‘qitish hamda tadqiqotlar olib borish uchun jalb etishga ko‘maklashish;
- oliy ta’lim muassasalarining asoslantirilgan takliflari bo‘yicha QS (Quacquarelli Symonds) hamda THE (The Times Highe Education) xalqaro reyting tashkilotlarining global reytingida birinchi 300 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, ularning O‘zbekiston hududidagi filiallarini ochish bo‘yicha xarajatlarini hamda xorijiy mamlakatlar yoshlarini milliy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishini moliyalashtirishga ko‘maklashish.