“El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov boshchiligidagi jamoasi bilan uchrashdi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar. Xususan, xalqaro standartlarni joriy etish, malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, yosh mutaxassislarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida o‘qitish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida jamg‘arma va agentlik o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Mazkur hujjat tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, kelishuv doirasida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarida tayyorlash hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni yurtimizga tatbiq etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
“Bugungi kunda, ayniqsa, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish yoʻlidagi faol saʼy-harakatlari sharoitida standartlashtirish va metrologiya tizimini rivojlantirish strategik ahamiyat kasb etmoqda. Soha texnik tartibga solish masalasi bilan bir qatorda iqtisodiyot raqobatbardoshligi, mahsulot sifati va xalqaro bozorlardagi ishonchning poydevori hisoblanadi. Bugun kadrlar tayyorlash jarayoni texnologiyalar rivojidan ilgarilab ketishi lozim. Vazifamiz – nafaqat mutaxassis tayyorlash emas, balki xalqaro standartlar boʻyicha ishlay oladigan hamda Oʻzbekistonda ilgʻor yechimlarni joriy eta oladigan professionallarning yangi avlodini shakllantirishdan iborat”, — dedi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova.

