Joriy yilning 16-aprel kuni Toshkent shahrida huquqni muhofaza qilish va kuch tuzilmalari uchun kadrlar tayyorlashning zamonaviy yondashuvlariga bagʻishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Tadbir mamlakat xavfsizlik tizimining institutsional modernizatsiyadan texnologiyalarga yoʻnaltirilgan rivojlanish modeliga oʻtayotganini aks ettirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjuman milliy va xalqaro ishtirokchilarning saʼy-harakatlarini muhokama qilish, muvofiqlashtirish va birlashtirish uchun ochiq maydonga aylandi.

Anjumanning oʻtkazilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 13-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan. Xususan, huquqni muhofaza qiluvchi va kuch tuzilmalari tizimida raqamli yechimlar va sunʼiy intellekt elementlarini joriy etish sohasida inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, yangi avlod muhandis-texnik va kibermutaxassislarini tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratish shular jumlasidandir.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xavfsizlikni nafaqat institutlarning vazifasi sifatida, balki kadrlar tayyorlash sifati, ularning yangi tahdidlarga moslashish hamda texnologik murakkablik sharoitida ishlash qobiliyatining natijasi sifatida ham tobora izchil koʻrib chiqmoqda.
Anjumanda taʼkidlanganidek, tahdidlarning kiberjinoyatchilikdan tortib sunʼiy intellektdan foydalanishgacha boʻlgan raqamli makonga shiddat bilan koʻchishi kadrlar tayyorlashda reaktiv modeldan xatarlarni prognozlash va oldini olishga yoʻnaltirilgan proaktiv modelga oʻtishni taqozo etmoqda.
Muhokamalar markazida kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt, raqamli kriminalistika, robototexnika va dron texnologiyalari kabi yoʻnalishlar boʻldi. AQSH, Xitoy, Turkiya, Vengriya va boshqa mamlakatlardan kelgan xalqaro ekspertlar xavfsizlik sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimiga texnologik taʼlimni integratsiya qilish borasidagi tajribalarini taqdim etdilar.
Bunday model AQSH, XXR, Singapur, Turkiya va Koreya Respublikasi kabi mamlakatlarda joriy etilgan boʻlib, ularda mutaxassislarni tayyorlash texnologiyalar, tahlil va davlat boshqaruvi tutashuvida yoʻlga qoʻyilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi va kuch tuzilmalari xodimlari uchun maqsadli xalqaro stajirovkalar tizimini joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼlimning anʼanaviy shakllaridan farqli oʻlaroq, ushbu model kadrlar ehtiyojini aniqlashdan tortib, nomzodlarni tanlash, tayyorlash, xorijda stajirovka oʻtash va keyinchalik olingan bilimlarni milliy tizimga integratsiya qilishgacha boʻlgan koʻp bosqichli yondashuvni nazarda tutadi. Bunday yondashuv yanada aniq va strategik yoʻnaltirilgan kadrlar siyosatiga oʻtilayotganini ifodalaydi.

Anjumanning asosiy natijalaridan biri xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator memorandumlarning imzolanishi boʻldi. Ular orasida:
– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum hamda 2026-yilgacha moʻljallangan “yoʻl xaritasi”;
– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi va Gonkong fan va texnologiyalar universiteti oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi;
– Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va AQSH Adliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasidagi Tergovchi kadrlarni tayyorlashga koʻmaklashish xalqaro dasturi (ICITAP) ofisi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum.
Ushbu kelishuvlar qoʻshma taʼlim dasturlari, stajirovkalar va bilim almashinuvini rivojlantirish uchun zamin yaratadi.
Anjuman asosiy tezisni alohida taʼkidladi: inson kapitaliga sarmoya kiritish milliy xavfsizlikni taʼminlashning markaziy elementiga aylanib bormoqda.
Global raqobat va texnologik oʻzgarishlar sharoitida aynan kadrlar salohiyati davlatning tahdidlarga samarali javob berish va barqaror rivojlanishni taʼminlash qobiliyatini belgilab beradi.
Oʻzbekistonning xalqaro hamkorlik, institutsional islohotlar va mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uygʻunligiga asoslangan yondashuvi bilim, texnologiyalar va global integratsiyaga yoʻnaltirilgan xavfsizlikni boshqarishning yangi modeli shakllanayotganini aks ettiradi.
Soʻz — konferensiya ishtirokchilariga
Gulnoza Ismailova, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori:
— Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakat ochiqligini taʼminlash, konstruktiv xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va inson kapitaliga ustuvor ahamiyat qaratishga yoʻnaltirilgan vazifalardan kelib chiqib, bugungi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch tuzilmalari uchun kadrlar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish tizimi tubdan yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
Davlatimiz rahbari shiddatli raqamli transformatsiya sharoitida sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik va zamonaviy texnologiyalar vositalaridan foydalanib, nafaqat tahdidlarga samarali munosabat bildira oladigan, balki ularni oldindan koʻra biladigan yangi avlod mutaxassislarini shakllantirish zarurligini alohida taʼkidlamoqda.
Shu nuqtai nazardan, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi dunyoning yetakchi universitetlari va sohaviy markazlarida maqsadli xalqaro stajirovkalarni tashkil etish boʻyicha tizimli ishlarni yoʻlga qoʻymoqda. Bu dasturlar sohaning aniq ehtiyojlarini hisobga olgan holda, davlat organlari va xorijiy hamkorlar bilan yaqin hamkorlikda, puxta tahlil asosida shakllantirilmoqda.
Erik Lo, Gonkong fan va texnologiyalar universitetining Global intellekt va strategiya boʻlimi rahbari:
— Texnologiyalar inson oʻrnini bosmaydi, aksincha, uning imkoniyatlarini kuchaytiradi va kasbiy yuksalish uchun yangi ufqlarni ochadi. Bugungi kunda sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik va kvant texnologiyalari kabi yoʻnalishlar global kun tartibini belgilab bermoqda va universitetimiz allaqachon oʻz eʼtiborini ularni rivojlantirishga qaratgan. Biz nafaqat toʻplangan tajriba bilan oʻrtoqlashishdan, balki talabalardan tortib boshqaruvchilargacha boʻlgan iqtidorli yoshlarni tizimli tayyorlashni birgalikda yoʻlga qoʻyishdan ham mamnunmiz. Biz ushbu hamkorlikni Gonkong va Oʻzbekiston oʻrtasida, avvalo, kelajak kadrlarini tayyorlash sohasidagi strategik sheriklikning muhim boshlanishi deb bilamiz. Ishonchimiz komilki, bu bilim almashinuvi bilimlar iqtisodiyoti uchun yetakchilarning yangi avlodini shakllantirishga imkon beradi.
Murti V. Rallapalli, Shimoliy Jorjiya universiteti Harbiy kolleji professori (AQSH):
— Bugungi konferensiya shuni koʻrsatdiki, kiberjinoyatchilikka qarshi yakka holda samarali kurashishning imkoni yoʻq — bu xalqaro ekspertlar va institutlarni yagona hamkorlik ekotizimiga birlashtirishni taqozo etadi. Aynan shuning uchun ham Oʻzbekiston bilan sheriklik biz uchun alohida ahamiyatga ega — bu yerda biz yuqori darajadagi ishtirokni, rivojlanayotgan infratuzilmani va oʻsish uchun jiddiy salohiyatni koʻryapmiz.
Bugunning oʻzida Nurafshondagi Kiberxavfsizlik universiteti, Buxoro davlat universiteti kabi taʼlim muassasalari hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan amaliy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan, bu esa nazariyadan amaliy yechimlarga oʻtish imkonini bermoqda. Diqqat markazimizda tizimlarni kelajak chaqiriqlariga, jumladan, kvant texnologiyalari rivojlanishi va «Q kun» deb ataluvchi xatarlarga tayyorlash masalasi turibdi. Ishonamizki, hamkorlikdagi ishlarimiz nafaqat kiberbarqarorlikni mustahkamlashga, balki ushbu oʻta muhim sohada mutaxassislarning yangi avlodini shakllantirishga ham yordam beradi. Oʻzbekiston bu jarayonda shunchaki sherik emas, balki mintaqaviy va global kooperatsiyaning muhim oʻsish nuqtasi sifatida namoyon boʻlmoqda.
Said Gulyamov, Toshkent davlat yuridik universiteti kiberhuquq kafedrasi professori, Sunʼiy intellekt etikasi boʻyicha kengash raisi:
— Kiberxavfsizlik sohasida yangi avlod tahdidlari shakllanmoqda. Hujumlar tabiati oʻzgarib, kam uchraydigan va aniqlanishi qiyin boʻlgan anomaliyalarni yaratish oʻrniga, hujumchilar normallikni imitatsiya qilish strategiyasiga oʻtmoqda. Bunday sharoitda zararli trafik statistik jihatdan sogʻlom trafikdan farq qilmasligi mumkin. Bu esa mavjud aniqlash tizimlari samaradorligini pasaytirib, infratuzilmada uzoq muddatli yashirin faoliyat yuritish xavfini oshiradi.
Shu bilan birga, dipfeyk texnologiyalari zamonaviy axborot muhitining jiddiy tahdidlaridan biri sifatida namoyon boʻlib, shaxsni identifikatsiya qilish mexanizmlari hamda raqamli axborotga boʻlgan ishonch darajasiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Mazkur tendensiyalar kiberxavfsizlik sohasida anomaliyalarni aniqlashga asoslangan anʼanaviy yondashuvlarni qayta koʻrib chiqish zaruratini keltirib chiqarmoqda.

