Aprel oyi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi uchun faol taʼlim diplomatiyasi davri boʻldi. Asosiy xalqaro hamkorlar bilan oʻtkazilgan muzokaralar silsilasi inson kapitalini rivojlantirish sohasida xalqaro hamkorlikning barqaror arxitekturasini yaratishda yakka tartibdagi tashabbuslardan tizimli yondashuvga oʻtilayotganini koʻrsatmoqda.
Turkiya: dasturlar koʻlamini kengaytirish va oʻzbekistonliklar uchun kvotalarni oshirish
Xususan, Xorijdagi turklar va qardosh jamoalar boshqarmasi (YTB — Yurtdışı Türkler ve Akraba Topluluklar Başkanlıgʻı) bilan muzokaralar markazida oʻzbekistonlik talabalar va mutaxassislar uchun taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish masalalari turdi.
Jumladan, Turkiya tomoni uzoq muddatli “Katip” til va akademik dasturini, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun “Ortak” stajirovkasini hamda Turkiyadagi boshqaruv kadrlar uchun almashinuv dasturlarini taqdim etib, Oʻzbekiston uchun kvotani 200 oʻringacha oshirishga tayyorligini bildirdi. Bu joriy imkoniyatlarni ikki barobarga oshiradi va mamlakatning Turkiya taʼlim grantlari tizimidagi oʻrnini mustahkamlaydi.
Tomonlar qoʻshma taʼlim dasturlarini rivojlantirish, jamgʻarmaning raqamli platformasi orqali Turkiya taʼlim dasturlarini targʻib qilish, hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tayyorlashga kelishib oldi. Muhimi, asosiy eʼtibor nafaqat talabalarni xorijga yuborishga, balki taʼlim amaliyotlarini Oʻzbekistonga transfer qilishga ham qaratilmoqda.
Qozogʻiston: modellarni muvofiqlashtirish va moliyaviy barqarorlik
Qozogʻistonning “Bolashaq” stipendiya dasturini boshqaruvchi “Xalqaro dasturlar markazi” AJ vakillari bilan muzokaralar yanada chuqurroq institutsional sinxronlashuvga erishishga qaratildi.
Tomonlar xorijda taʼlim olishning moliyaviy barqarorligi masalalarini muhokama qilib, bakalavriat, magistratura va doktorantura uchun xarajatlarni hisoblashning yagona metodologiyasini ishlab chiqishga hamda tegishli boʻlinmalar oʻrtasida maʼlumotlar almashinuvini yoʻlga qoʻyishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Oʻzbekistonning strategik vazifalari va real sharoitlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan hamda natijaga yoʻnaltirilgan stajirovka dasturlarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Avstraliya: yangi akademik yoʻnalishlar va grant mexanizmlari
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi dunyoning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikni mustahkamlagan holda xalqaro aloqalarni kengaytirishda davom etmoqda. Macquarie universiteti bilan olib borilgan muzokaralar doirasida oʻzbekistonlik talabalar uchun taʼlim olish imkoniyatlari va sifatini oshirishga qaratilgan bir qator amaliy kelishuvlarga erishildi.
Xususan, universitet jamgʻarma stipendiatlari uchun chegirmalar va qoʻshimcha grantlar taqdim etishga, monitoring safarlari xarajatlarini birgalikda qoplashga, shuningdek, Avstraliyaning sohaviy davlat idoralari bilan uchrashuvlar tashkil etishga koʻmaklashishga tayyor. Bundan tashqari, valyuta xatarlarini kamaytirish maqsadida oʻqish uchun toʻlovlarni AQSH dollarida amalga oshirishga kelishib olindi.
Tomonlar amaliy yoʻnalishlardagi hamkorlikni rivojlantirishga, jumladan, davlat va kuchishlatar tuzilmalar uchun kiberxavfsizlik boʻyicha ixtisoslashtirilgan dasturlarni yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratdi. Jamgʻarma va universitet oʻrtasida kelishuvning imzolanishi sheriklikni institutsional asosda yoʻlga qoʻyish hamda qoʻshma taʼlim tashabbuslarini ishga tushirish yoʻlidagi navbatdagi qadam boʻladi.
Deakin universiteti bilan muzokaralar oʻzbekistonlik talabalar uchun qoʻshimcha imkoniyatlar ochmoqda. Unda taʼlim yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish va amaliy tayyorgarlikni kuchaytirish haqida soʻz yuritildi.
Avstraliya universiteti yuqori akademik koʻrsatkichlarga ega stipendiatlar uchun 50 foizdan 100 foizgacha chegirmalar, maxsus rektorlik grantlari, shuningdek, sport menejmenti, sogʻliqni saqlash va sogʻliqni saqlash iqtisodiyoti hamda muhandislik yoʻnalishlarida hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi.

Global taʼlim hamkorlari: ilk bosqichdan tayyorlash va inklyuzivlik
“Crimson Education” bilan muloqot yangi yoʻnalishni – iqtidorli yoshlar bilan ilk bosqichlardan ishlash vazifasini belgilab berdi.
Taklif etilgan model 60 nafar iqtidorli maktab oʻquvchisini saralab olish, ularni nufuzli oliy oʻquv yurtlariga kirishga uzoq muddatli tayyorlash, psixologik qoʻllab-quvvatlash hamda loyihani respublika miqyosida kengaytirishni oʻz ichiga oladi.
Shu bilan birga, jamgʻarma mamlakat hududlaridagi, asosan, aholining ijtimoiy zaif qatlamlaridan, kam taʼminlangan oilalardan chiqqan iqtidorli bolalarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi prinsipial pozitsiyasini bildirdi.
Aprel oyidagi muzokaralar silsilasi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi qoʻshma taʼlim dasturlari, xorijiy hamkasblar bilan muvofiqlashuv, stajirovka va almashinuvlarni rivojlantirish, kadrlarni ilk bosqichdan tayyorlash, bilimlarni milliy taʼlim tizimiga transfer qilish kabi yoʻnalishlarni oʻz ichiga olgan koʻp bosqichli hamkorlik ekotizimini shakllantirayotganini namoyon etmoqda.

