“El-yurt umidi” jamgʻarmasi vakillari Shveysariyaga xizmat safari doirasida mamlakatning yirik xalqaro taʼlim xoldinglaridan biri — “Benedict Education Group” rahbariyati bilan bir qator muzokaralar oʻtkazdi.
Xususan, 21-may kuni Jamgʻarma xodimlari Syurixdagi Biznes va mehmonxona boshqaruvi maktabi (B.H.M.S.) kampusiga tashrif buyurib, u yerdagi taʼlim infratuzilmasi, oʻquv dasturlari, talabalar yotoqxonalari hamda xorijlik talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Benedict Foundation direktorlar kengashi aʼzosi, B.H.M.S. maktablarining marketing boʻyicha rahbari Maykl Vagentaller hamda savdo boʻyicha global muvofiqlashtiruvchi Uilton de Karvalyo bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyati, davlat tomonidan amalga oshirilayotgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash qaratilgan loyihalar va xalqaro taʼlim dasturlari, shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish siyosati doirasida oʻzbekistonlik talaba va mutaxassislar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yuzasidan taqdimot oʻtkazildi.
Tomonlar Jamgʻarma va B.H.M.S. oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni imzolash, oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun maqsadli stajirovka va boshqa taʼlim dasturlarini tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Oʻzbekiston iqtisodiyotining oʻzgarishi va turizm sohasining rivojlanishi sharoitida talab yuqori boʻlgan yetakchilik, biznes boshqaruvi, mehmondoʻstlik, IT, raqamli marketing, iqtisodiyot va servis kabi yoʻnalishlardagi dasturlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Maʼlumot uchun: Benedict Education Groupga 1928-yilda doktor Gaston Benedikt tomonidan asos solingan. Bugungi kunda guruh tarkibiga Shveysariyaning turli shaharlaridagi 8 ta kampus kiradi va ularda har yili dunyoning turli burchaklaridan 15 mingdan ortiq talaba tahsil oladi.

