“El-yurt umidi” jamgʻarmasi Ijrochi direktori Gulnoza Ismailova Avstraliyaning elchisi Jon Uillyam Giring bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot davomida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan taʼlim dasturlari, xalqaro hamkorlik yoʻnalishlari hamda erishilgan natijalar yuzasidan batafsil maʼlumot berildi. Xususan, bugungi kunda Avstraliyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan stipendiatlar faoliyati, yildan-yilga Avstraliyada taʼlim olishga qiziqish bildirayotgan iqtidorli yoshlar sonining ortib borayotgani alohida taʼkidlandi.
Tomonlar Oʻzbekiston va Avstraliya oʻrtasida taʼlim, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Shu bilan birga, Avstraliyaning turli yoʻnalishlar boʻyicha yetakchi universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishda elchixona tomonidan koʻmak koʻrsatish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda talabalar uchun viza bilan bogʻliq masalalarda amaliy yordam koʻrsatish, viza xarajatlarini kamaytirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish, ikki davlat oʻrtasida taʼlim va innovatsiyaga asoslangan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ham kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, Avstraliya universitetlarida tahsil olib qaytgan oʻzbekistonlik bitiruvchilar ishtirokida muntazam ravishda xalqaro forum va uchrashuvlar tashkil etib borish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.
Maʼlumot uchun: Avstraliyaning Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi (oʻrindoshlik asosida Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Tojikiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Turkmanistonda ham akkreditatsiyadan oʻtgan) Jon Giring 2023-yil noyabr oyida Avstraliyaning Moskvadagi elchisi vazifasini bajarishga kirishdi. U vazirlikning Maʼmuriy departamentiga, undan avval esa Yevropa va Lotin Amerikasi mamlakatlari departamentiga rahbarlik qilgan. Avstraliya Mudofaa vazirligi hamda Bosh vazir va Vazirlar Mahkamasi ishlari boʻyicha vazirlikda yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan.

