“El-yurt umidi” jamgʻarmasi va Turkiya Oliy taʼlim kengashi (YÖK) ikki mamlakat oʻrtasidagi akademik aloqalarni kengaytirish, kadrlar tayyorlashni rivojlantirish, ilmiy almashinuvlarni yoʻlga qoʻyish hamda qoʻshma taʼlim tashabbuslarini ishga tushirishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzoladi.
Hujjatning imzolanishi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktorining 2025-yil noyabr oyida Turkiyaga qilgan xizmat safari davomida oʻtkazilgan muzokaralarning amaliy natijasi boʻldi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori, professor Gulnoza Ismailova hamda Turkiya Oliy taʼlim kengashi ijroiya kengashi aʼzosi, professor Erol Arcaklioğlu ishtirokida boʻlib oʻtgan uchrashuvda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Turkiya yetakchilarining tashabbusi bilan ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqich – strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik darajasiga koʻtarilgani taʼkidlandi.
Shu nuqtai nazardan, taʼlim diplomatiyasi va inson kapitalini rivojlantirish ikki tomonlama hamkorlikning uzoq muddatli kun tartibining muhim qismiga aylanmoqda.
Imzolangan memorandum akademik mobillik va qoʻshma taʼlim dasturlaridan tortib, iqtisodiyot va davlat boshqaruvining strategik muhim tarmoqlarida maqsadli stajirovkalar oʻtashgacha boʻlgan keng koʻlamli yoʻnalishlardagi hamkorlikni nazarda tutadi.
Xususan, Oʻzbekiston vazirlik va idoralari, strategik davlat kompaniyalari, universitetlari, tahliliy markazlari hamda ilmiy-tadqiqot institutlarining istiqbolli mutaxassislari uchun maqsadli stajirovka va malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish asosiy yoʻnalishlardan biri boʻladi.
Tibbiyot sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Kelishuv doirasida oʻzbekistonlik mutaxassislar Turkiyaning universitet klinikalari va laboratoriyalarida xirurgiya, neyroxirurgiya, onkologiya, stomatologiya, jigar transplantologiyasi singari yuqori texnologiyali tibbiy mutaxassisliklar boʻyicha klinik stajirovkadan oʻtishi, ilmiy tadqiqotlar olib borishi va amaliy koʻnikmalarini oshirishi mumkin boʻladi.
Hujjatning muhim qismi sunʼiy intellekt va istiqbolli texnologiyalar (emerging technologies) sohasidagi hamkorlikka bagʻishlangan. Xususan, tomonlar kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt, robototexnika va dron tizimlari sohalarida stajirovkalar hamda ixtisoslashtirilgan dasturlarni amalga oshirishga kelishib oldi. Turkiyaning yetakchi universitetlari, tadqiqot markazlari, texnoparklari, innovatsion “hub” va kompaniyalari negizida amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlimni tashkil etish koʻzda tutilgan.
Oʻzbekiston fuqarolarining Turkiya universitetlarining magistratura va PhD dasturlarida taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida urgʻu berilmoqda.
Bundan tashqari, tomonlar akademik aloqalarni rivojlantirish, innovatsiyalarni ilgari surish, ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish va taʼlim sohasidagi tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro konferensiyalar, forumlar, simpoziumlar, davra suhbatlari, yozgi va qishki maktablarni birgalikda tashkil etishga kelishib oldi.
Turkiya Oliy taʼlim kengashi bilan memorandumning imzolanishi “El-yurt umidi” jamgʻarmasining taʼlim diplomatiyasini rivojlantirish yoʻlidagi navbatdagi qadam boʻlib, bu raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, xalqaro akademik doiralardagi ishtirokni kengaytirish va Oʻzbekistonning intellektual salohiyatini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Ma'lumot uchun: Turkiya delegatsiyasi tarkibida mamlakatning yetakchi universitetlari, xususan, QS global reytingining Top-300 taligiga kiruvchi va Turkiyaning texnik fanlar boʻyicha eng yaxshi universitetlaridan biri hisoblangan Istanbul texnika universiteti va Yaqin Sharq texnika universiteti (muhandislik va neft qazib olish yoʻnalishi boʻyicha jahon reytingida Top-10) rektorlari ham bor edi.

