Fransiyaga xizmat safari doirasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova ushbu mamlakatning yetakchi universitetlari, muhandislik maktablari va taʼlim tashkilotlari rahbariyati bilan qator strategik uchrashuvlar oʻtkazdi.
Muzokaralar yakunida akademik hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma taʼlim tashabbuslarini yoʻlga qoʻyish, maqsadli stajirovka dasturlarini rivojlantirish hamda muhandislik, sunʼiy intellekt, tibbiyot, davlat boshqaruvi va gumanitar fanlar sohalari uchun Oʻzbekistonning yuqori malakali kadrlarini tayyorlashda yangi imkoniyatlar yaratish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Shunday uchrashuvlardan biri doirasida HEC Paris vakillari bilan muzokaralar olib borildi. “Financial Times” reytingiga koʻra, HEC Paris Yevropadagi biznes maktablari orasida birinchi oʻrinni egallaydi, uning MBA va magistratura dasturlari esa jahonning eng yaxshi beshligi (top-5) qatoridan doimiy oʻrin olib keladi.
Fransiya tomoni yangi taʼlim tashabbuslarini, jumladan, 15–18 yoshli oʻquvchilar uchun muhandislik dasturini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, talabalarning yuqori texnologiyali loyihalar va biznes-inkubatorlarda ishtirok etish imkoniyatlarini taqdim etdi. Grant dasturlariga, ayollarni qoʻllab-quvvatlashga hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan boʻlgan talabalar uchun maxsus moliyaviy mexanizmlarga alohida eʼtibor qaratildi. Uchrashuv yakunida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari uchun oʻqish toʻloviga maxsus chegirmalar taqdim etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Safarning muhim qismini 230 dan ortiq yetakchi muhandislik va biznes maktablarini birlashtirgan hamda 350 mingdan ziyod talaba tahsil olayotgan Conférence des Grandes Écoles (CGE) assotsiatsiyasi bilan oʻtkazilgan muzokaralar tashkil etdi. Tomonlar akademik aloqalarni rivojlantirish, Fransiyaning muhandislik taʼlimini targʻib qilish va oʻzbekistonlik talabalar uchun imkoniyatlarni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Tashrif davomida muhandislik taʼlimi va zamonaviy texnologik yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Conférence des Directeurs des Écoles Françaises dʼIngénieurs (CDEFI) rahbariyati bilan uchrashuvda sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik va amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlim sohalarida hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqildi.
Muzokaralar yakuniga koʻra, tomonlar maqsadli stajirovkalarni va amaliy malaka oshirish dasturlarini ishlab chiqishga, shuningdek, Jamgʻarma platformasi orqali Fransiyaning muhandislik maktablarini targʻib qilishga kelishib oldilar.
Loyiha asosidagi taʼlimga hamda xalqaro kompaniyalar uchun muhandis kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan CESI muhandislik maktabi rahbariyati bilan uchrashuvda sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar, dasturiy muhandislik va kiberxavfsizlik sohalaridagi dasturlar taqdim etildi.
Bundan tashqari, Jamgʻarma ijrochi direktori Fransiyaning davlat xizmatchilarini tayyorlash boʻyicha yetakchi muassasalaridan biri – Davlat xizmati milliy instituti (Institut national du service public — INSP) bilan muzokaralar olib bordi. Unda Oʻzbekiston davlat boshqaruvi tizimi vakillari uchun maqsadli stajirovka va tajriba almashish dasturlarini tashkil etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Institut Supérieur de Rééducation Psychomotrice (ISRP) rahbariyati bilan uchrashuvda tibbiy reabilitatsiya, psixologiya, yoshlarning ruhiy salomatligi va ushbu sohalar uchun mutaxassislar tayyorlashda hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Madaniyat va davlat boshqaruvi masalalari boʻyicha muzokaralar Parij Oliy milliy musiqa va raqs konservatoriyasi (Conservatoire national supérieur de musique et de danse de Paris) vakillari bilan oʻtkazildi. Tomonlar musiqa va ijodiy taʼlim sohasidagi oʻzaro hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi hamda Oʻzbekiston Davlat konservatoriyasi bilan aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Tashrif yakunlari boʻyicha akademik aloqalarni yanada kengaytirish, qoʻshma taʼlim tashabbuslarini yoʻlga qoʻyish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan bir qator kelishuvlarga erishildi.

