Yoshlar kuni doirasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.

Uchrashuv Prezident maktablari oʻquvchilari, jamgʻarma stipendiatlari, shuningdek, hududlardagi yoshlar va xorijda tahsil olayotgan talabalar ishtirokida kengaytirilgan formatda oʻtdi.
Muhokamaga nafaqat Toshkentdagi ishtirokchilar, balki joylardagi studiyalar orqali hududlardagi yoshlar hamda xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan stipendiatlar ham qoʻshildi. Bunday format dunyoning turli nuqtalarida boʻlib turgan yoshlarni keng qamrab olish va muloqotga jalb etish imkonini berdi.
Uchrashuv jonli va konstruktiv muhitda oʻtdi. Ishtirokchilar xorijda taʼlim olish imkoniyatlari, ilmiy va kasbiy yuksalish, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimi bilan bogʻliq masalalarni koʻtardilar. Har bir taklif diqqat bilan tinglanib, uni amalda joriy etish nuqtai nazaridan muhokama qilindi.
Muloqot davomida bir qator aniq tashabbuslar ilgari surildi.

Xususan, quyidagilar taklif etildi:
- xorijdagi oʻzbekistonlik yoshlarni birlashtirish uchun talabalar hamjamiyatlarining global platformasini yaratish;
- stipendiatlar hamda vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida mentorlik tizimini rivojlantirish;
- yoshlarni xorijga joʻnab ketishdan avval mezbon mamlakatlarning madaniy xususiyatlari va qonunchiligini oʻrganishni oʻz ichiga olgan holda, ularning moslashuv tayyorgarligini kuchaytirish;
- chet elda oʻqishga kirish va taʼlim olish masalalari boʻyicha axborot koʻmagini kengaytirish.
Taʼkidlanganidek, bunday uchrashuvlar qayta aloqaning muhim vositasiga aylanib, taʼlim siyosatini shakllantirishda yoshlarning real ehtiyojlarini hisobga olish imkonini bermoqda.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi va Yoshlar ishlari agentligi iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning kasbiy salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun sharoit yaratishga qaratilgan ochiq muloqot formatini rivojlantirishda davom etmoqda.
Bunday tadbirlarning oʻtkazilishi bugungi kunda yoshlarga nafaqat imkoniyatlardan foydalanuvchi, balki rivojlanish jarayonlarining faol ishtirokchisi sifatida qaralayotganini tasdiqlaydi.
Aynan shunday ochiq muloqotlar orqali tashabbuskorlik, masʼuliyat va mamlakat kelajagiga hissa qoʻshishga qaratilgan yangi kun tartibi shakllanmoqda.

