Bugun, 9-aprel kuni Oʻzbekistonda ilk bor yirik taʼlim tadbiri — xalqaro savdo va iqtisodiy diplomatiya sohasida mutaxassislar tayyorlash uchun yangi platformaga aylangan Jahon savdo tashkilotining (JST) Toshkent xalqaro modeliga start berildi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetining tashabbuskor guruhi tomonidan Jahon savdo tashkiloti, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi va bir qator hamkorlar koʻmagida tashkil etilgan ushbu tadbir oʻzbekistonlik talabalar, yosh tadqiqotchilar va mutaxassislarni, shuningdek, Qozogʻiston, Hindiston hamda Yaponiya vakillarini birlashtirdi.

Ishtirokchilarning bunday keng xalqaro tarkibi forumga akademik va amaliy ahamiyat baxsh etib, uni global savdo tizimining kelajagi borasidagi jonli muloqot maydoniga aylantirdi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish yoʻlida izchil qadam tashlamoqda. Bu jarayon nafaqat islohotlarni, balki xalqaro savdo meʼyorlari bilan ishlay oladigan, murakkab muzokaralarda qatnasha biladigan, huquqiy va iqtisodiy tahlil oʻtkaza oladigan, mamlakatni jahon miqyosida taqdim eta oladigan professional kadrlarni tayyorlashni ham talab qiladi.
JST modeli aynan mana shu vazifani hal etishga qaratilgan boʻlib, u amalda xalqaro savdo boʻyicha mutaxassislarning yangi maktabini shakllantirmoqda.
Forum “Barqaror global iqtisodiyot uchun ko‘p tomonlama savdoni isloh qilish” shiori ostida boʻlib oʻtdi. Muhokamalar markazida global bozorlardagi beqarorlik, taʼminot zanjirlaridagi uzilishlar, barqaror rivojlanish masalalari, koʻp tomonlama savdo tizimining istiqboli kabi zamonamizning dolzarb muammolari boʻldi.
Tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili Azizbek Urunov soʻzga chiqib, mamlakatning tashkilotga aʼzo boʻlishining strategik ahamiyatini va professional kadrlar zaxirasini shakllantirish zarurligini alohida taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, global savdo tizimida samarali ishtirok etish uning murakkab mexanizmlarini tushunadigan va yuksak raqobat sharoitida harakat qila oladigan mutaxassislarsiz imkonsizdir.

Modelning asosiy xususiyati uning amaliy yoʻnaltirilganligida boʻldi. Ishtirokchilar shunchaki xalqaro savdoni muhokama qilmay, JST faoliyatining real mexanizmlarini qayta tikladilar. Ular muzokaralar olib bordilar, qoʻmita yigʻilishlarida ishtirok etdilar, savdo nizolarini hal qilish jarayonlarini modellashtirdilar, davlatlarning pozitsiyalarini shakllantirib, murosaga erishishga intildilar hamda bugungi kunda dunyoning yetakchi iqtisodiyotlari kun tartibida turgan muammolar bilan ishladilar.
Bunday format yoshlarga savdo qarorlari amalda qanday shakllantirilishi, milliy manfaatlar qanday himoya qilinishi va koʻp tomonlama diplomatiya qanday barpo etilishini tushunish imkonini berdi.
— “El-yurt umidi” jamgʻarmasi yoshlarning inson kapitalini rivojlantirish va yangi avlod professionallarini shakllantirishga qaratilgan tashabbuslarini izchil qoʻllab-quvvatlab kelmoqda, — deya taʼkidladi jamgʻarma ijrochi direktori Gulnoza Ismailova. — Oʻtgan yili biz BMTning yirik modelini tashkil qilgan edik, bugun esa Oʻzbekistonda Jahon savdo tashkilotining ilk modelini oʻtkazishga koʻmaklashdik. Bunday loyihalar yoshlarni kasbga yoʻnaltirish, amaliy tayyorlash hamda mamlakat rivojiga taʼsir koʻrsatadigan qarorlar qabul qilinadigan global jarayonlarga jalb etishning samarali vositasidir. Bu tashabbus Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish yoʻlida faol harakat qilayotgani nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi.

