Bugun “El-yurt umidi” jamgʻarmasining 2026-yil 1-ochiq stipendiya tanlovi komissiyasi tomonidan yoshlarning dasturda ishtirok etish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan qaror qabul qilindi.
Komissiya tanlovda quyidagilarning ishtirok etishiga ruxsat berishni maʼqulladi:
bakalavriat yoʻnalishi boʻyicha:
– umumtaʼlim maktablarining bitiruvchi sinf oʻquvchilari;
– oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari bitiruvchi-oʻquvchilari (talabalari);
magistratura yoʻnalishi boʻyicha:
– oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilari.
Shu munosabat bilan, ularda attestat yoki diplom oʻrniga oʻqish joyidan maʼlumotnoma hamda 2025/2026-oʻquv yili uchun baholaridan koʻchirmasini (“transkriptini”) onlayn platformaga yuklash imkoniyati yaratiladi. Ushbu chora yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning imkoniyatlarini kengaytirish hamda iqtidorli nomzodlarning salohiyatini roʻyobga chiqarishga qaratilgan.
MUHIM: ushbu qaror nomzodlar Tanlov toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan barcha boshqa talablarga javob bergan taqdirdagina qoʻllaniladi.
Tanlov komissiyasi hujjatlarga qoʻyiladigan talablarga alohida eʼtibor qaratadi:
– maʼlumotnomalar taʼlim muassasasining rasmiy blankasida rasmiylashtirilishi;
– muassasa rahbariyati tomonidan imzolanishi (elektron raqamli imzo mavjud boʻlganda — ERI bilan tasdiqlanishi);
– amaldagi sanalar va ishonchli maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi shart.
Murojaatlar uchun: @eyufadmissionbot Telegram boti

