“El-yurt umidi” jamgʻarmasi rahbariyati xorijdagi nufuzli universitetlarda oʻqishini tamomlab, Oʻzbekistonga qaytgan hamda iqtisodiyot, fan, taʼlim va davlat boshqaruvining turli sohalarida faoliyat yuritayotgan stipendiatlar bilan onlayn muloqot oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida bitiruvchilar hamjamiyatini yanada rivojlantirish va ularning mamlakatdagi islohotlarni amalga oshirishga qoʻshadigan hissasi bilan bogʻliq bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Joriy yilning 24–27-mart kunlari mamlakat hududlarida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi kunlarini oʻtkazish masalasi muhokamalarning asosiy mavzularidan biri boʻldi. Ushbu tadbirlar doirasida yoshlar uchun taʼlim marafon va axborot uchrashuvlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Jamgʻarma rahbariyati bitiruvchilarni ushbu tashabbusga qoʻshilishga va yoshlarga xalqaro taʼlim imkoniyatlari hamda jamgʻarma dasturlari haqida soʻzlab, xorijda olgan tajribalari bilan oʻrtoqlashishga chaqirdi.
Muloqot davomida Bitiruvchilar assotsiatsiyasini (Alumni Association) rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Ishtirokchilar taʼsis qurultoyini oʻtkazish, sohaviy qoʻmitalarni shakllantirish va uyushma prezidentini saylash masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv qatnashchilarining fikricha, bitiruvchilar bilan tizimli ishlash ularning kasbiy salohiyatini birlashtirishga hamda yangi gʻoya va innovatsiyalarning yetakchisiga aylana oladigan faol hamjamiyatni shakllantirishga imkon beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoni (https://lex.uz/docs/-7520218) talablaridan kelib chiqadigan stipendiatlarning majburiyatlariga oid huquqiy jihatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilarga ish beruvchilar bilan hamkorlik qilish, davlat va jamgʻarma oldidagi majburiyatlarni bajarish, shuningdek, olingan bilim va xalqaro tajribani amaliyotda samarali qoʻllash masalalari yuzasidan tushuntirish berildi.
Jamgʻarma bitiruvchilarining birlashishi nafaqat kasbiy aloqalarni mustahkamlash, balki tajriba almashish, ilgʻor amaliyotlarni joriy etish hamda mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotining turli sohalarida innovatsiyalarni rivojlantirish uchun platforma yaratishi taʼkidlandi.

