Yoshlar kuni doirasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova jamgʻarmaning Dubay va Abu-Dabi universitetlarida tahsil olayotgan stipendiatlar bilan onlayn muloqot oʻtkazdi.
Jamgʻarma maʼlumotiga koʻra, BAAdagi stipendiatlarning aksariyati Oʻzbekistonga qaytib kelgan va oʻqishni masofaviy shaklda davom ettirmoqda. Qolgan stipendiatlar joriy hafta oxirigacha Vatanga qaytishni rejalashtirmoqda.
Uchrashuv davomida masofaviy taʼlim davrida Oʻzbekistonning sohaviy tashkilotlari va davlat idoralarida amaliyot oʻtash imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Bunday stajirovkalar talabalarga nafaqat akademik tayyorgarlikni davom ettirish, balki iqtisodiyot va davlat boshqaruvining muhim tarmoqlarida amaliy tajriba orttirish imkonini ham beradi.
Hududlarda oʻtkazilayotgan “El-yurt umidi” jamgʻarmasi kunlari doirasida stipendiatlar yoshlarga xalqaro taʼlim imkoniyatlari, jamgʻarma faoliyati, uning dasturlari va tashabbuslari haqida soʻzlab berish, shuningdek, chet elda oʻqish va yashash borasidagi shaxsiy tajribalari bilan oʻrtoqlashishga taklif qilindi.
Jamgʻarma va stipendiatlar oʻrtasidagi muntazam muloqot yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etishga yordam beradi hamda xorijda tahsil olayotgan talabalarni zaruriy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlaydi.

