Ilk bor Shotlandiya universitetlari orasida Glazgo universitetida Oʻzbek talabalar jamiyati tashkil etildi. Jamiyat rasmiy tuzilma sifatida Glazgo universiteti Talabalar kengashi huzurida roʻyxatdan oʻtdi.
Mazkur jamiyat asoschilari “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari — Shaxlo Murodova, Fazliddin Djamalov, Israil Qurbaniyazov va Mushtariy Muhiddinovalar hisoblanadi.
Ushbu jamiyat oʻzbek madaniyati va anʼanalari, oʻzbek tili hamda Markaziy Osiyo mintaqasiga qiziquvchi Shotlandiya universitetlarida tahsil olayotgan yoshlarni birlashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, u Oʻzbekistonning boy madaniy merosi va zamonaviy taraqqiyotini xalqaro akademik muhitda keng targʻib qilishga qaratilgan yangi maydon sifatida faoliyat yuritadi.
“Ishonamizki, ushbu jamiyat kelgusida Shotlandiyada tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalarni birlashtiruvchi muhim platformaga aylanib, madaniy muloqotni mustahkamlash, akademik hamkorlikni rivojlantirish va Oʻzbekiston haqidagi bilimlarni keng targʻib etishga xizmat qiladi”, — dedi asoschilar.

