Toshkentda “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan “Women in Power 2026” xalqaro forumi tashkil etildi. Mazkur tadbir Oʻzbekistondagi shiddatli islohotlar sharoitida xotin-qizlarning iqtisodiyot, taʼlim va davlat boshqaruvidagi oʻrnini muhokama qilish uchun muhim platformaga aylandi.
“Oʻzbekistonda jadal rivojlanish davrida ayollar yetakchiligi” panel sessiyasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova ishtirok etib, soʻnggi yillarda mamlakatda xotin-qizlarning xalqaro taʼlim dasturlaridagi ishtiroki muttasil oʻsib borayotganini taʼkidladi.
Xususan, 2025-yilgi ochiq tanlovlar yakuniga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori boʻlganlarning har toʻrttasidan birini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Shuningdek, agar ilgari qizlar koʻproq gumanitar yoʻnalishlarni tanlagan boʻlsa, bugungi kunda ularning aksariyati STEM mutaxassisliklari – axborot texnologiyalari, matematika, muhandislik ishi, biologiya, fizika va kimyo boʻyicha oʻqishga kirayotgani qayd etildi. Soʻnggi yillarda jamgʻarma stipendiatlari orasida ushbu fanlarga qiziqish qariyb uch barobar ortdi.
“Eng muhimi, bu oʻsish kvotalar yoki maʼmuriy vazifalar hisobiga roʻy berayotgani yoʻq. Bu tabiiy jarayon – oʻzbekistonlik xotin-qizlar xalqaro akademik va professional karyera qurish yoʻlida yanada dadil, oʻziga ishongan va gʻayratli boʻlib bormoqda”, – dedi G. Ismailova.
Gulnoza Ismailovaning soʻzlariga koʻra, xalqaro taʼlim oluvchi ayollar sonining ortishi bevosita taʼlim va inson kapitalini qoʻllab-quvvatlash sohasidagi keng koʻlamli islohotlar bilan bogʻliqdir. Jamoatchilik tafakkurining oʻzgarayotgani ham muhim omilga aylanmoqda. Borgan sari koʻproq oilalar oʻz qizlarining xalqaro taʼlim olishga intilishini qoʻllab-quvvatlab, buni mamlakat kelajagiga kiritilgan sarmoya sifatida baholamoqda.

