“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktorining birinchi oʻrinbosari Davron Abdurashidov Xitoyga amalga oshirgan xizmat safari davomida dunyoning yetakchi universitetlaridan biri — Gonkong universiteti (QS Ranking reytingida 11-oʻrin) rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Oʻzbekistondan yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda ikki mamlakat oʻrtasidagi akademik aloqalarni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratuvchi hamkorlik memorandumi imzolandi.
Kelishuv bir qator taʼlim va tadqiqot tashabbuslarini yoʻlga qoʻyishni koʻzda tutadi. Sunʼiy intellekt, robototexnika, kiberxavfsizlik va dron texnologiyalari kabi texnologik yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi. Hamkorlik doirasida tomonlar Oʻzbekiston davlat xizmatchilari uchun maqsadli stajirovkalar tashkil etishga, shuningdek, bakalavriat, magistratura va PhD bosqichi talabalari uchun yangi loyihalar ishlab chiqishga kelishib oldi.
Professor-oʻqituvchilar almashinuvi, qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va sogʻliqni saqlash sohasida stajirovkalar tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.
Kelishuvlarning alohida bir qismi Gonkong universitetida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari ulushini kengaytirishga qaratilgan. Tomonlar taʼlim dasturlarini birgalikda moliyalashtirish mexanizmini kelishib oldi, bu esa Gonkong universitetida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik iqtidorli yosh mutaxassislar sonini oshirish imkonini beradi.
Tashrif doirasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi vakillari Gonkongda tahsil olayotgan stipendiatlar bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda ularning oʻqishi, ilmiy ishi, yashash sharoitlari va xalqaro akademik muhitga moslashish masalalari muhokama qilindi. Jamgʻarma rahbariyati talabalarning akademik oʻzlashtirishini monitoring qilib, ularning takliflarini hamda kelgusidagi kasbiy rivojlanish rejalarini tingladi.
Jamgʻarma oʻz stipendiatlarini xorijda qoʻllab-quvvatlash, ular bilan doimiy aloqada boʻlish va yuzaga keladigan masalalarni hal qilishga yordamlashish boʻyicha tizimli ishlarni davom ettirayotgani taʼkidlandi.

