Yoshlar kuni doirasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasining ijrochi direktori, professor Gulnoza Ismailova Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchilari bilan uchrashdi.
Ochiq muloqotga onlayn shaklda mamlakatimizning turli hududlaridagi Prezident maktablarining yuqori sinf oʻquvchilari ham qoʻshildi. Uchrashuv davomida oʻquvchilar jamgʻarma faoliyati, ochiq stipendiyalari tanlovlarida qatnashish shartlari, saralash bosqichlari hamda dunyoning yetakchi universitetlarida tahsil olish imkoniyatlari xususida bevosita savol berish imkoniga ega boʻldilar.

Ochiq va samimiy ruhda oʻtgan suhbat davomida G. Ismailova jamgʻarmaning asosiy maqsadi, nomzodlarga qoʻyiladigan talablar va xorijda taʼlimni qoʻllab-quvvatlashga oid davlat dasturlari tufayli Oʻzbekiston yoshlari uchun ochilayotgan istiqbollar haqida batafsil soʻzlab berdi.
Uchrashuv ishtirokchilari bevosita muloqot shakli savollarga “birinchi manbadan” javob olish, tanlov tartib-qoidalari va bugungi kunda mamlakatimizning iqtidorli yoshlari uchun mavjud imkoniyatlarni yaxshiroq anglashga yordam berganini taʼkidladilar.

