Bugun, 5-mart kuni “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori, professor Gulnoza Ismailova nufuzli xorijiy universitetlarda tahsil olayotgan jamgʻarma stipendiatlari – xotin-qizlar bilan onlayn uchrashuv oʻtkazdi.
8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan ushbu muloqot akademik muhitda qizlarning taʼlim olishi, ularni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish masalalarini ochiq muhokama qilish uchun oʻziga xos maydon vazifasini oʻtadi.
Jamgʻarma ijrochi direktori ishtirokchilarni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 3-mart kuni taqdim etilgan, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada mustahkamlash hamda tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan yangi tashabbuslari bilan tanishtirdi.
Suhbat davomida qizlar uchun taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish, ularning ilmiy, kasbiy va ijtimoiy hayotdagi faol ishtirokini taʼminlash inson kapitalini rivojlantirish borasidagi davlat siyosatining muhim qismi ekani taʼkidlandi.
Oiladan yiroqda hayot kechirish va oʻqishga moslashish masalasi suhbatning alohida mavzusiga aylandi. Qizgʻin oʻquv jarayoni, yangi madaniy va akademik sharoitlar hamda yolgʻizlik hissi talabalar uchun jiddiy ruhiy sinov boʻlishi mumkinligi qayd etildi. Shu munosabat bilan jamgʻarma stipendiatlarni qoʻllab-quvvatlash, ular bilan ishonchli aloqa kanallarini rivojlantirish va murakkab vaziyatlarda maslahatlar berishga tayyorligi taʼkidlandi.
Xususan, AQSh va Kanadada oʻqiyotgan stipendiatlar bilan oʻtkazilgan muloqotida Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti professori, psixologiya fanlari doktori Feruza Akramova ham ishtirok etdi.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, jamgʻarma stipendiatlarining xorijdagi norasmiy hamjamiyatlari va oʻzaro koʻmak guruhlarini shakllantirish tashabbusini qoʻllab-quvvatladilar. Bu kabi guruhlar talabalarga tajriba almashish, yangi muhitga moslashish va vatandoshlar bilan aloqani uzmaslikka yordam beradi.

Bunday uchrashuvlar jamgʻarma va stipendiatlar oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlashning muhim vositasiga aylanib, yuzaga kelayotgan masalalarga oʻz vaqtida munosabat bildirish hamda dunyoning yetakchi universitetlarida Oʻzbekiston nomidan ishtirok etayotgan yosh xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash imkonini beradi.

