Joriy yilning 3-mart kuni “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori, professor Gulnoza Ismailova Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) taʼsischilari yigʻilishida qatnashdi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi universitet taʼsischilaridan biri sifatida uzoq muddatli taʼlim siyosatini shakllantirish va mamlakat uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashni qoʻllab-quvvatlashda faol ishtirok etib keladi.
Jamgʻarma vakillari TXVU rektori, professor Komiljon Karimov hamda Londondagi Vestminster universiteti (Buyuk Britaniya) rektori, profesor Piter Bonfild boshchiligidagi delegatsiya bilan birgalikda TXVUning strategik rivojlanish rejalarini, jumladan, yangi taʼlim dasturlarini amalga oshirish, xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish va istiqbolli loyihalarni ishga tushirish masalalarini muhokama qildi.
Yigʻilishda universitet rahbariyatining joriy faoliyat natijalari toʻgʻrisidagi hisoboti tinglandi hamda oliy taʼlim muassasasining kelgusi akademik va institutsional rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlarini belgilab beruvchi 2025–2035-yillarga moʻljallangan rivojlanish strategiyasi taqdim etildi.
Taʼlim sifatini yanada oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini mustahkamlash, zamonaviy taʼlim texnologiyalarini joriy etish hamda global iqtisodiyot sharoitida talab yuqori boʻlgan mutaxassislarni tayyorlash kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Maʼlumot uchun: Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti — Oʻzbekistondagi ilk xalqaro universitet boʻlib, u 2002-yilda Buyuk Britaniyaning Vestminster universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda “Umid” jamgʻarmasi hamkorligida tashkil etilgan. “Umid” jamgʻarmasining huquqiy vorisi sifatida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi 2024-yildan universitet Taʼsischilar kengashi tarkibiga kirib, uning strategik rivojlanishini shakllantirishda ishtirok etadi.

