Vazirlar Mahkamasining qarori (88-son, 02.03.2026-y.) bilan “Xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish istagidagi yoshlar va pedagog xodimlarga taʼlim kreditini ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (https://t.me/huquqiyaxborot/19478) tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, taʼlim krediti quyida talablarga javob beradigan yoshlar (30 yoshdan oshmagan, shu jumladan, 30 yoshda boʻlgan) va pedagoglarga ajratiladi:
- QS (Quacquarelli Symonds) yoki THE (The Times Higher Education) boʻyicha TOP-300 talikka kiritilgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilingan;
- Oʻzbekiston fuqarolari boʻlgan.
Kredit ularning bakalavriat hamda magistratura dasturlarida taʼlim olishlari uchun ajratiladi.
Kredit 1 oʻquv yili uchun 20 ming AQSH dollarigacha miqdordagi ekvivalentda milliy valyutada ajratiladi.
Kreditning asosiy qarzi talabaning rasmiy oʻqish muddati tugagandan soʻng 7-oydan boshlab 7-yil davomida qaytariladi.
Kredit oluvchi bankka murojaat qilishda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- ariza;
- shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
- taklifnoma-xat (1-kurslar uchun);
- akademik oʻzlashtirish natijalari (2-kursdan boshlab);
- toʻlov-kontrakt asosida oʻqish boʻyicha shartnoma hamda oliy taʼlim tashkilotining bank rekvizitlari koʻrsatilgan invoys;
- birgalikda qarz oluvchilarning soʻnggi 12 oylik daromadlari yuzasidan maʼlumot;
- mehnat daftarchasidan koʻchirma (30 yoshdan oshgan pedagoglar uchun).
Taʼlim krediti stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida belgilanadi.

