Bugun, 3-mart kuni “El-yurt umidi” jamgʻarmasi rahbariyati Yaqin Sharqda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyat munosabati bilan Dubay va Abu-Dabi (Birlashgan Arab Amirliklari) oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan stipendiatlar bilan onlayn uchrashuv oʻtkazdi.
Muhokamaning asosiy mavzusi xavfsizlik masalalari, favqulodda vaziyatlardagi harakatlar tartibi va Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalari bilan doimiy aloqani taʼminlashdan iborat boʻldi.
Uchrashuvda jamgʻarma rahbariyati, stipendiatlar, jamgʻarma huzuridagi Ota-onalar kengashi vakillari ishtirok etdi. Ushbu format ochiq muloqotni taʼminlash va barcha qiziqtirgan savollarga tezkor javob berish imkonini berdi.
Onlayn muloqot davomida xavfsiz yurish-turish qoidalari batafsil tushuntirildi. Stipendiatlarga mahalliy hokimiyat organlari va universitetlar maʼmuriyatining tavsiyalariga qatʼiy rioya qilish; ommaviy tadbirlar va ehtimoliy xavfli hududlardan saqlanish; rasmiy xabarnomalarni muntazam kuzatib borish; jamgʻarma koordinatorlari bilan doimiy aloqada boʻlish zarurligi eslatib oʻtildi.
Jamgʻarmaning ijrochi direktori G.Ismailova stipendiatlarning xavfsizligi — ustuvor vazifa ekanligini taʼkidladi. Tezkor chora koʻrish uchun jamgʻarma xodimlari, diplomatik xizmatlar, Ota-onalar kengashi vakillari jalb etilgan boʻlib, ular stipendiatlarga kerak vaqtda maslahat va tashkiliy yordam koʻrsatishga tayyor.

