“El-yurt umidi” jamgʻarmasi rahbariyati AQSh va Kanada, Yevropa va Osiyo mamlakatlari hamda Avstraliyada taʼlim olayotgan stipendiatlar bilan ZOOM orqali bir qator onlayn uchrashuvlar oʻtkazdi. Ushbu muloqotda jamg‘arma huzuridagi Ota-onalar kengashi a’zolari ham ishtirok etdi.
Jamgʻarma faoliyatidagi dolzarb oʻzgarishlar haqida axborot berildi hamda yoshlar xorijda taʼlim olishi davrida duch kelayotgan muammolar muhokama qilindi.
Uchrashuvlar davomida jamgʻarmaning istiqboldagi rejalari va ustuvor yoʻnalishlari taqdim etildi, shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish boʻyicha strategik vazifalarni amalga oshirishda stipendiatlarning oʻrni va roli taʼkidlandi. Chet elda yashash va oʻqish qoidalariga rioya qilish, muhim akademik qarorlarni Jamgʻarma bilan kelishish zarurligi kabi stipendiatlarning majburiyatlari yana bir bor tushuntirildi.
Bundan tashqari, minimal oʻzlashtirish boʻyicha talablar, akademik hisobotlarni topshirish tartibi va yaratilgan raqamli platforma imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi. Uchrashuvlar yakunida shunday aloqa shakllari davom ettirilishi taʼkidlandi.

