AQSHga xizmat safari davomida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Djons Xopkins universitetining Vashington shahrida joylashgan Ixtisoslashtirilgan xalqaro taʼlim kampusi faoliyati bilan tanishib, Rahbar kadrlar uchun malaka oshirish dasturlari direktori Jordon Shvarts bilan uchrashdi.

Maʼlumot uchun: Djons Xopkins universiteti 1876 yilda tashkil etilgan, AQSHdagi birinchi tadqiqot universiteti hisoblanadi. Asosiy kampusi Baltimor shahrida (Merilend shtati) joylashgan, Vashington, Nyu-York, Bolonya shaharlarida va Xitoyda kampuslari bor. Universitetning Merilend shtati iqtisodiyotidagi hissasi 40 mlrd dollarni tashkil etadi.
Jordon Shvarts universitetning amaldagi malaka oshirish dasturlari, kampuslari va xorijiy talabalar uchun imkoniyatlarini taqdimot qildi.
Uchrashuv davomida tomonlar oʻzbekistonlik rahbar lavozimdagi kadrlarni sunʼiy intellekt sohasida malakasini oshirish maqsadida “AI and National security” va “Navigating the future of global power” dasturlari doirasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Markaziy Osiyo uchun moʻljallangan 2 hafta Vashingtonda, 2 hafta Bolonyada boʻladigan “AI and digitalization” kursiga oʻzbekistonlik mutaxassislarni kengroq jalb etishga kelishib olindi.
Shuningdek, 20 fevralda AQSH Davlat departamenti Matbuot va xalq diplomatiyasi masalalari boʻyicha kotib yordamchisining oʻrinbosari Shelli Silver, Taʼlim va madaniy masalalar byurosi koordinatori Rebekka Jonson, EducationUSA global tarmogʻi koordinatori Rozi Edmond, Fulbrayt dasturi koordinatori Shennon Konhedidan iborat delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Muloqot davomida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyati, stipendiya dasturlari va amalga oshirilayotgan loyihalari Davlat departamenti tomonidan yuqori baholandi. IIE bilan Fulbrayt doirasidagi qoʻshma dastur Taʼlim va madaniy masalalar byurosi tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi maʼlum qilindi.
Tomonlar jamgʻarma stipendiatlariga viza jarayonlarini yengillashtirish boʻyicha muzokaralar olib bordi.

