Moliyalashtirish, strategiya va kadrlar ustuvorligi boʻyicha qarorlar qabul qilayotganimda, har safar oʻylab qolaman: yaqindagina davlat siyosati tizimida ayollarning bunday mavqeyi istisno holat sifatida qaralar edi.
Bugun esa bu oddiy holga aylanib bormoqda. Men uchun — ayol sifatida, rahbar sifatida, davlat sektorida faoliyat yuritadigan inson sifatida bu shunchaki shaxsiy voqea emas — bu katta oʻzgarishlar ramzidir. Bu ishonch va yangi voqelikning timsoli boʻlib, unda ayol nafaqat islohotlarda ishtirok etuvchi, balki ularning bunyodkori ham boʻla oladi.
Shuning uchun ham 11-fevral — Xalqaro ilm-fandagi ayollar va qizlar kuni shunchaki taqvimdagi sana emas. Bu mamlakat taraqqiyoti har bir qizning salohiyatiga ishonchdan boshlanishini eslatuvchi ramzdir.
2026-yilgi Xalqaro ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar kunining mavzusi, ayniqsa, dolzarb jaranglaydi: “Ayollar va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish uchun sunʼiy intellekt, ijtimoiy fanlar, STEM va moliya salohiyatidan foydalanish“.
Bu kun tartibi Oʻzbekiston uchun ham muhim, chunki sunʼiy intellekt allaqachon tibbiyot, taʼlim, iqtisodiyot va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashni oʻzgartirmoqda. Ammo maqsadli qoʻllab-quvvatlashsiz yangi texnologiyalarning afzalliklari ayollar va qizlarni chetlab oʻtishi mumkin. Aynan shuning uchun STEM, ijtimoiy fanlarni rivojlantirish va ayollar boshchiligidagi innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlashning moliyaviy mexanizmlarini yaratish juda muhimdir.
Bugungi kunda Oʻzbekiston xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini izchil ravishda kuchaytirmoqda. Davlat taʼlim olish uchun shart-sharoitlar yaratmoqda. Bu shunchaki ijtimoiy chora emas, balki mamlakatning inson kapitaliga strategik sarmoyasidir. Natijada, xususan, oliy maʼlumotli qizlar va ayollar ulushining sezilarli darajada oshishi kuzatilmoqda.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan talabalar soni 1,6 milliondan ortiq boʻlib, ularning 54 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. 30 yoshdan oshgan talabalar guruhida bu koʻrsatkich 66 foizga yetadi. Bunga xotin-qizlarning davlat OTMlarida magistraturada oʻqishini davlat tomondan qoplab berilish tizimi joriy etilgani koʻp jihatdan yordam berdi. Bundan tashqari, taʼlimning muqobil shakllari: sirtqi, kechki taʼlimni tiklash va kengaytirish, masofaviy formatlarni qoʻllash yosh bolali onalarga individual trayektoriyalar va gibrid dasturlar boʻyicha taʼlim olish imkonini berdi.
Bu oʻzgarishlarni “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatida ham koʻryapmiz. Stipendiatlar orasida qizlar soni ortib bormoqda. Masalan, 2025-yilda oʻtkazilgan ikkita ochiq stipendiya tanlovi natijalari shuni koʻrsatdiki, Prezident stipendiyasining har toʻrtinchi sovrindori xotin-qizlardir.
Agar 2018–2024-yillarda gumanitar yoʻnalishlar, xususan, taʼlim, huquq mashhur boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ular koʻproq STEM va aniq fanlar, jumladan, axborot texnologiyalari, matematika, biologiya, fizika va kimyo, muhandislik fanlarini tanlamoqdalar. Stipendiat qizlar orasida ushbu yoʻnalishlarga talab qariyb 3 barobar oshgan.
Jamiyatning munosabati ham oʻzgarmoqda: ota-onalar qizlarini qoʻllab-quvvatlamoqdalar va ularga chet elda oʻqishni ishonib topshirmoqdalar, bu bilim olish va oʻz salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish yoʻli ekanligini tushunmoqdalar.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ilm va texnologiyani tanlagan qizlarni qoʻllab-quvvatlash, xalqaro taʼlimni rivojlantirish, mamlakatning kadrlar salohiyatini mustahkamlashda davom etadi. Chunki zamonaviy Oʻzbekiston bilimlar asosiga quriladi, kelajak esa insonga sarmoya kiritadigan va har bir isteʼdodning kashf etilishiga imkon beradigan davlatlarga tegishli boʻladi.
Aziz xotin-qizlar, ilm-fan sizning yoʻlingiz, bilim esa kuchingiz boʻlsin!
Gulnoza Ismailova,
“El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori

