“El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati, Bonn universiteti (Germaniya) magistranti Amirbek Salimov Bishkekda 6-Markaziy Osiyo boʻyicha Yevropa Ittifoqi Fuqarolik jamiyati forumida nutq soʻzladi.
Forum doirasida raqamli oʻzgarishlar, iqlim va atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.
Yevropa Ittifoqi huzuridagi Yoshlar maslahat kengashida Oʻzbekiston vakili sifatida ishtirok etayotgan Amirbek Salimov oʻz nutqida Markaziy Osiyo yoshlari aniq amaliy yechimlarga — eng avvalo, koʻnikmalarni rivojlantirish va xavfsizlikni taʼminlash sohalarida — ehtiyoj sezayotganini taʼkidladi.
U Oʻzbekiston va mintaqada yoshlarni qoʻlla-quvvatlashga qaratilgan bir qator takliflarini ilgari surdi. Xususan, IT, sunʼiy intellekt, muhandislik, yashil energetika va zamonaviy agrotexnologiyalar kabi talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydigan markazlarga aylanishi mumkin boʻlgan Milliy amaliy koʻnikmalar ustaxonalarini tashkil etishni taklif qildi. Shuningdek, Amirbek yoshlarga zoʻravonlik, tahdid va qaramlik holatlarida anonim tarzda yordam soʻrab murojaat qilish imkonini beruvchi, maʼlumotlar asosida tezkor chora koʻrish va oldini olishni taʼminlaydigan Yoshlarni himoya qilish raqamli “hub”ni ishga tushirish taklifini bildirdi.
Jamgʻarma stipendiatining nutqi forum ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi va yoshlarning ijtimoiy hamda iqtisodiy muammolarini hal qilishda amaliyotga yoʻnaltirilgan yondashuvning muhimligini yana bir bor taʼkidladi. Oʻzbekiston vakillarining bunday xalqaro platformalardagi ishtiroki muloqotni mustahkamlashga, hamkorlikni rivojlantirishga va mintaqaning barqaror rivojlanishiga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qilmoqda.

