“El-yurt umidi” stipendiati, San-Fransisko musiqa konservatoriyasida (SFCM) taʼlim olayotgan Mumtozbegim Ochilova Frans Legarning mashhur “Quvnoq beva” (The Merry Widow) operettasida bosh rolni ijro etdi.
Ushbu operetta San-Fransiskoning musiqiy hayotida eʼtiborga loyiq madaniy voqeaga aylandi. Mumtozbegim bosh qahramon — Xanna Glavari rolini ijro etib, yuksak kasbiy mahorat, sahna sanʼati va yorqin aktyorlik isteʼdodini namoyish etdi.
Bosh rolni Oʻzbekiston vakili ijro etganligi sababli, sahnada oʻzbek matolardan liboslar va raqslar kabi milliy madaniyatimiz unsurlari aks ettirildi. Bu esa spektaklga oʻziga xos joziba baxsh etib, xorijlik tomoshabinlarda katta qiziqish uygʻotdi
“Oʻz madaniyatimizni tomoshabinlarga shunday goʻzal va unutilmas tarzda ommaga taqdim etganimdan faxrlanaman”, — dedi Mumtozbegim Ochilova SFCM matbuotiga bergan intervyusida.
Stipendiatning chiqishi Oʻzbekistonning isteʼdodli yoshlari xalqaro maydonda oʻzini muvaffaqiyatli namoyon etayotgani, shu bilan birga milliy madaniyatni targʻib qilayotgani va mamlakatlar oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlayotganining yorqin namunasi boʻldi.

