13-fevral kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindorlarining taqdirlashga bag‘ishlangan xalqaro forumi boʻlib oʻtdi.
Tadbir stipendiatlarni, ularning ota-onalarini, davlat tuzilmalari, diplomatik vakolatxonalar va hamkor tashkilotlar vakillarini hamda yoshlarni birlashtirdi.
Ta’kidlangandek, “El-yurt umidi” stipendiya dasturi nafaqat isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, balki uzoq muddatli davlat strategiyasining bir qismidir. Asosiy maqsad — “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi vazifalarini hayotga tatbiq eta oladigan islohotchilar va yetakchilar avlodini tayyorlashdan iborat. Neft va gaz daromad keltirishi mumkin, biroq aynan bilimli va intiluvchi yoshlar mamlakatning barqaror rivojlanishini taʼminlaydi.
Kunning ikkinchi yarmida “El-yurt umidi” jamgʻarmasining 2025-yil 2-ochiq stipendiya tanlovi gʻoliblari uchun maxsus oʻquv seminari ham o‘tkazildi. Tadbir yoshlarni xorijda yashash va oʻqishga tayyorlash, ularning stipendiat sifatidagi vazifa va majburiyatlarini tushuntirish, shuningdek, “Oʻzbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirishdagi rolini taʼkidlashga qaratildi.
Tegishli vazirlik va idoralar masʼullari, jamgʻarma rahbariyati va xodimlari, ekspertlar hamda oldingi yillarda xorijiy universitetlarni tamomlagan “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari oʻz bilim va tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.
Oʻquv seminar davomida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi:
- Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari;
- Oʻzbekiston tarixi, madaniyati, anʼanalari, turizm va investitsion salohiyati;
- maʼnaviy-axloqiy tafakkur, sogʻlom dunyoqarash, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, davlat tiliga eʼtibor;
- xalqaro etiket va protokol, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi vakolatxonalari bilan hamkorlik hamda konsullik hisobida turish.
Seminar interaktiv sessiyalar, taqdimotlar va mahorat darslari shaklida oʻtdi. Unda oʻtgan yillardagi stipendiatlar “teng – tengga” tamoyili asosida AQSH, Yevropa va Osiyo mamlakatlari, Avstraliya va Kanadadagi madaniy xususiyatlar va moslashuv jihatlari haqida soʻzlab berishdi. Shuningdek, dastur shaxsiy rivojlanish, yetakchilik, loyiha boshqaruvi va jamoada ishlash koʻnikmalari boʻyicha oʻyinlar va mahorat darslarini oʻz ichiga oldi.
Tadbir doirasida ertaga, 14-fevral kuni, Yoshlar ishlari agentligi loyihalari bilan tanishuv va Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Shuningdek, yoshlar Islom sivilizatsiyasi markaziga ekskursiya davomida xalqimizning boy tarixi, madaniyati va maʼnaviy merosini aks ettiruvchi keng qamrovli koʻrgazmalar bilan tanishdi. Kun yakunida jadidlar hayotiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyishi va stipendiatlarning taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: 2025-yilda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyasi uchun ikkita ochiq tanlovlar yangilangan talablar asosida oʻtkazildi. Ularda ochiqlik, shaffoflik, adolat va barcha uchun teng imkoniyatlar asosiy tamoyillarga aylandi. Qisqa muddatda ONE ID tizimi bilan integratsiyalashgan onlayn platforma ishga tushirildi. Bu ortiqcha byurokratiyani kamaytirish va inson omilini minimallashtirish imkonini berdi. Nomzodlar nafaqat Oʻzbekiston, balki dunyoning istalgan burchagidan hujjat topshirish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Test sinovlarining javoblari shu kunning oʻzida eʼlon qilindi. Suhbat jarayonlari ilk bor Internetda onlayn-translyatsiya qilindi.
Barcha bosqichlar yakunlari boʻyicha Boshqaruv kengashi qarori bilan birinchi ochiq stipendiya tanlovida 173 nafar nomzod, ikkinchi ochiq stipendiya tanlovida yana 64 nafar nomzod “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori” deb eʼtirof etildi. Ular orasida 25% — xotin-qizlar.
Stipendiatlar 20 tadan ortiq davlatdagi universitetlardan qabul xatlarini olgan. Top-5 talik davlatlar qatorida — Buyuk Britaniya, AQSH, Avstraliya, Italiya va Koreya Respublikasi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi
Jamoatchilik bilan aloqalar va axborot xizmati

