Toshkent shahrida xalqaro standartlar asosida tashkil etilgan texnika oliy taʼlim muassasasi — “ToshTech”ning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbir doirasida “El-yurt umidi” jamg‘armasi va universitet o‘rtasida xalqaro darajadagi kadrlar tayyorlash, iqtidorli yoshlar salohiyatini rivojlantirish hamda Oʻzbekiston taʼlim tizimi va iqtisodiyotining asosiy sohalariga ilgʻor xorijiy tajribani joriy etishga qaratilgan memorandum imzolandi.
Hujjat mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ustuvorliklari, zamonaviy fan va texnologiya yutuqlarini hisobga olgan holda raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni nazarda tutadi. Kelishuv doirasida tomonlar maqsadli kadrlar zaxirasini shakllantirish, akademik mobillikni kengaytirish, amaliyot va malaka oshirish dasturlarini rivojlantirishga kelishib oldilar.
Xorijiy oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini universitetning taʼlim, ilmiy va innovatsion faoliyatiga jalb etish, qoʻshma tadqiqotlar va grant loyihalarini rivojlantirish, talabalar va yosh mutaxassislarning xalqaro dasturlarda ishtirokini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, muhandislik va texnologiyalarning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha qoʻsh diplomli dasturlarni yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Ma’lumot uchun: “ToshTech” Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimidagi yirik milliy loyiha boʻlib, universitet STEM yoʻnalishlari, texnologik tadbirkorlik va bilim hamda texnologiyalar transferi uchun institutsional platforma sifatida faoliyat yuritadi.
Universitet faoliyatini 2026-yil sentabr oyida toʻliq boshlashi uchun zarur infratuzilma shakllantirilgan. 2025-yil dekabr oyida kampusning birinchi bosqichi qurib bitkazildi. Universitetning tayyorlov dasturiga (Foundation) dastlabki qabul jarayonida 650 dan ortiq ariza kelib tushdi va 200 nafar tinglovchi saralab olindi.

