AQSh universitetlarida tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari bilan xavfsizlik va xatarlarning oldini olish masalalariga bagʻishlangan onlayn uchrashuv oʻtkazildi.
Muloqotda stipendiatlar, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi huzuridagi Ota-onalar kengashi aʼzolari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi elchixonasi vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuvning asosiy maqsadi Avstraliya va AQShda (Braun universiteti hududida) boʻlgan soʻnggi fojiali voqealari munosabati bilan talabalarning shaxsiy va jamoat xavfsizligi choralari haqidagi xabardorligini oshirishdir. Ishtirokchilarga doimo hushyor boʻlish, ehtimoliy xavfli vaziyatlardan oʻzini saqlash hamda kampus hududida va undan tashqarida amal qiladigan xavfsizlik talablariga qatʼiy rioya qilish zarurligi taʼkidlandi.
Har bir shtatdagi qonunchilik va belgilangan qoidalarga, xususan, jamoat tartibi va yoʻl harakati qoidalariga rioya etishga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanishicha, har qanday, hatto kichik huquqbuzarliklar ham jiddiy oqibatlarga, jumladan, viza muddatini uzaytirish va taʼlim olayotgan mamlakatda qolishdagi qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, Oʻzbekistonning AQShdagi elchixonasi vakillari talabalarga aloqa kanallari va favqulodda vaziyatlarda harakat qilish tartiblari haqida maʼlumot berib, zarur konsullik yordamini koʻrsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

