Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasining 2025-yil 2-ochiq stipendiya tanlovi doirasida 3-dekabr kuni test sinovlari oʻtkazildi.
Barcha jarayonlar ochiqlik, shaffoflik, tenglik va inklyuzivlik tamoyillariga asosan tashkil etildi.
Ikkinchi ochiq stipendiya tanlovi doirasida 12 – 26-noyabr kunlari hujjatlarni qabul qilish faqatgina ONE ID milliy raqamli identifikatsiya tizimi bilan integratsiya qilingan onlayn platforma orqali amalga oshirildi.
Hujjatlarni qabul qilish davrida platformada 6 mingdan ortiq foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtdi, bu esa jamoatchilik orasida katta qiziqish uygʻonganini koʻrsatadi.
Hujjatlar topshirganlarning 59% bakalavr, 34% magistratura va 7% doktorantura taʼlim yoʻnalishi boʻyicha dunyoning Top-300 talik universitetlaridan qabul xatlari olgan.
Nomzodlar 21 ta davlatdagi universitetlardan qabul xatlarini olgan. Top-5 talik davlatlar qatorida — Buyuk Britaniya, AQSH, Avstraliya, Italiya va Janubiy Koreya.
2-ochiq stipendiya tanlovi uchun 277 ta kvota ajratilgan boʻlib, ular quyidagicha taqsimlangan: 105 — bakalavriat, 122 — magistratura, 50 — doktorantura.
Tanlov komissiyasi tomonidan dastlabki saralashdan muvaffaqiyatli oʻtgan 480 nafardan ziyod nomzodning navbatdagi bosqichda ishtirok etishiga ruxsat berildi.
Test sinovlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkazildi. Testlar nomzodlarning intellektual salohiyatini, tahliliy va tanqidiy fikrlash qobiliyatini, psixologik barqarorligini baholashga qaratilgan.
Nomzodlarga qulaylik yaratish maqsadida ularga test sinovlarida oflayn (agar Oʻzbekiston hududida boʻlsa) va onlayn (agar chet elda boʻlsa) shakllarida ishtirok etish imkoniyati taqdim etildi. Bundan tashqari, test topshirish nuqtalari nafaqat Toshkent shahrida, balki Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda ham tashkil etildi. Bu nomzodlarga bevosita oʻz hududlarida sinovdan oʻtish orqali vaqt va mablagʻlarini tejash imkonini berdi.
Test sinovlarida jami 315 nafar nomzod ishtirok etdi, ulardan 155 nafari (yaʼni 49%i) test uchun belgilangan eng yuqori — 100 balldan kamida 61 ball toʻplab, suhbat bosqichiga muvaffaqiyatli oʻtdi.
Shuningdek, 148 nafar nomzod 1-ochiq stipendiya tanlovi doirasida test sinovlaridan ozod etildi. Tanlov nizomiga muvofiq, tanlovning birinchi bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan hamda belgilangan muddatda oʻzining akademik salohiyatini tasdiqlovchi amaldagi xalqaro sertifikatlarni (SAT, GRE, GMAT, A-Level) taqdim etgan nomzodlar test sinovlaridan ozod etiladi. Ular keyingi bosqich — suhbatda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdilar.
Eslatib oʻtamiz, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi 2025-yil 1-ochiq stipendiya tanlovi natijasiga koʻra, 173 nafar nomzod “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori» deb eʼtirof etildi. Ularning 70 foizi jahonning TOP – 100 roʻyxatidagi universitetlarga kirgan yoshlardir. Bu stipendiatlarning sifat jihatidan yangi tarkibi. Qatʼiyat bilan mehnat qilib, oʻz ustida ishlab, dunyoning eng yaxshi universitetlari — Kembrij, Pensilvaniya, Seul milliy universiteti, Nyu-York, London, Gonkong, Dyuk universitetlari kabi nufuzli oliy oʻquv yurtlariga kirishga muvaffaq boʻlganlar qoʻllab-quvvatladi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar va axborot xizmati

