“El-yurt umidi” jamg‘armasining 2025-yil 2-ochiq stipendiya tanlovining test bosqichiga tavsiya etilgan nomzodlar uchun Tanlov komissiyasining qaroriga ko‘ra, test sinovlari joriy yilning 3-dekabr kuni o‘tkazilishi belgilandi.
Tanlovning birinchi bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan va belgilangan muddatda xalqaro sertifikatlarni (SAT, GRE, GMAT yoki A-Level) taqdim etgan NOMZODLAR test sinovlaridan ozod qilinadi.
Joriy yilning 3-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan test sinovlari hududlar kesimida belgilangan grafik asosida o‘tkaziladi. Nomzodlar hamda test sinovlari o‘tkaziladigan manzil va vaqt haqidagi maʼlumot bilan ushbu HAVOLA orqali tanishishingiz mumkin.
Nomzodlar hududlarda belgilangan vaqtda shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID-karta) bilan test sinovlari joyiga yetib kelishlari so‘raladi.
Testda onlayn ishtirok etadigan nomzodlar esa Toshkent vaqti bilan 09:00 da Zoom platformasi orqali test sinovlarida ishtirok etadilar. Onlayn ishtirok etuvchi nomzodlarga Zoom havolasi onlayn platforma yoki elektron pochta manzillari orqali yuboriladi.
Testga koʻrsatilgan vaqtga kelmagan (onlayn kirmagan) nomzodlar test bosqichidan chetlashtiriladi.
Agar nomzod test kuni belgilangan hududda bo‘lmasa, u test sinovlarini boshqa hududda topshirishi mumkin.
Buning uchun nomzod @eyufadmissionbot Telegram botiga o‘zining F.I.O. (to‘liq ismi-sharifi), pasport yoki ID-karta raqami va test topshirmoqchi bo‘lgan hudud nomini ko‘rsatgan holda 2-dekabr 12:00 ga qadar xabar yuborishi lozim.
Belgilangan tartib va mezonlarga rioya qilmagan nomzodlar tanlovning keyingi bosqichiga o‘tkazilmaydi.

