Bugun Toshkent davlat transport universiteti, Fransiyaning milliy fuqaro aviatsiyasi maktabi va “Airbus” aerokosmik kompaniyasi oʻrtasidagi hamkorlik bitimini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Fransiya transport vaziri Filipp Tabaro, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova, xorijiy va mahalliy ekspertlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Hamkorlik doirasida aviatsiya yo‘nalishida tahsil olayotgan 3–4-kurs talabalari uchun 2026-yildan boshlab Fransiyaning Tuluza shahrida joylashgan “Airbus” kompaniyasida besh oylik amaliyot dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har yili besh nafar talabaning oʻqishini moliyalashtirish rejalashtirilgan boʻlib, asosiy eʼtibor aviatsiya sohasiga kadrlar tayyorlashga qaratiladi.
Tomonlar hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini — professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun akademik mobillik dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-amaliy tadqiqotlarni birgalikda amalga oshirish hamda aviatsiya ta’limida qo‘shma loyihalarni rivojlantirishga kelishib oldilar. Shuningdek, Oʻzbekiston – Fransiya universitetining akademik poydevorini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar Fransuz – Oʻzbek 3DEXPERIENCE professional kampusiga tashrif buyurib, u yerda xalqaro standartlar asosida muhandislarni tayyorlash uchun yaratilgan texnik imkoniyatlar bilan tanishdilar.

