Toshkentdagi Markaziy Osiyo universitetida (Central Asian University) QS Eurasia Forum 2025 boʻlib oʻtdi. Bu xalqaro tadbir jahon akademik hamjamiyati, davlat hokimiyati organlari va sanoat hamkorlarining 300 dan ortiq vakilini birlashtirdi.
Tadbirda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova ham ishtirok etdi. Forum doirasida oliy taʼlim muassasalari rektorlari, xalqaro ekspertlar va stipendiatlar bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazildi. Jamgʻarma faoliyati xorijda taʼlim olishni qoʻllab-quvvatlash doirasidan ancha keng ekanligini va u milliy kadrlar salohiyatini rivojlantirish, xalqaro professorlarni jalb etish, ilmiy-tadqiqot imkoniyatlarini kengaytirish va Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalariga global akademik standartlarni joriy etishga koʻmaklashadigan yaxlit mexanizmiga aylanayotganligi taʼkidlandi.
QS prezidenti va kengashi raisi Nunzio Kuakuarelli bilan uchrashuvda QSning yangi loyihasi — tez oʻzgaruvchan iqtisodiyotga ega mamlakatlar uchun ishlab chiqilgan sunʼiy intellektga asoslangan mehnat bozori ehtiyojlarini bashorat qilish tizimining tafsilotlari muhokama qilindi.
Platforma yoʻnalishlar boʻyicha kadrlar yetishmovchiligi yoki ortiqchaligini aniqlash, mehnat bozori signallarini tahlil qilish, ularni xalqaro statistika bilan taqqoslash va Oʻzbekistonning iqtisodiy rivojlanish dinamikasini hisobga olish imkonini beradi.
Taʼkidlaganidek, Jamgʻarma izchil islohotlarni amalga oshirmoqda — raqamlashtirish orqali shaffoflik kuchaytirilmoqda, kvotalar taqsimoti takomillashtirilmoqda va xalqaro ekspertizaga tayanib tanlovlar tashkil etilmoqda. QS tomonidan taklif etilayotgan tizim ushbu jarayonlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga yordam beradi.
Tomonlar tahliliy hamkorlikni kengaytirish — maʼlumotlar almashish, algoritmlarni milliy sharoitga moslashtirish va ilmiy-tadqiqot loyihalarini birgalikda rivojlantirishga kelishib oldilar.
Inson kapitalini rivojlantirishga eʼtibor qaratayotgan va yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishga intilayotgan Oʻzbekiston uchun QS bilan hamkorlik taʼlim va mehnat bozorini boshqarishning toʻliq maʼlumotlarga asoslangan modelini yaratish yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi.

