Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Istiqbolli mutaxassislarning “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan maqsadli stajirovkasini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, maqsadli stajirovkaga yuborish boʻyicha nomzodlarni saralab olish Boshqaruv samaradorligi agentligi (Agentlik) tomonidan amalga oshiriladi.
Buyurtmachi tashkilotlar har yili 10-noyabrgacha kadrlar tayyorlashga boʻlgan ehtiyojlar toʻgʻrisida lavozim va yoʻnalishlar kesimida Agentlikka maʼlumotlar taqdim etadi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi Boshqaruv kengashi 15-yanvargacha stajirovka dasturining xorijiy mamlakatlar kesimidagi kvotalarini tasdiqlaydi.
Buyurtmachi tashkilotlar tomonidan nomzodlar roʻyxatini shakllantirishda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
- stajirovka dasturiga mos mutaxassisligi boʻyicha kamida 3-yillik ish tajribasi, shu jumladan oxirgi 12 oy davomida ushbu sohada ishlagan boʻlishi;
- davlat tilini bilishi;
- stajirovka oʻtash rejalashtirilgan xorijiy tashkilotning shartsiz taklifnomasi mavjudligi.
Saralash tartibi quyidagicha:
- test sinovlari;
- nomzodlar bilan suhbat.
Test sinovlaridan 71 foiz va undan yuqori koʻrsatkichga ega nomzodlar suhbat jarayoniga jalb etiladi.
Gʻolib deb topilgan mutaxassislar, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, Agentlik, buyurtmachi tashkilot va moliyaviy (qoʻshimcha) kafil oʻrtasida shartnoma tuziladi.

