“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori oʻrinbosari Shuxrat Daminov Xadjiteppe universiteti prorektori Armagʻan Tarim bilan uchrashdi. Tomonlar taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari haqida fikr almashdilar.
Xususan, jamgʻarma tomonidan Toshkent shahrida Yaqin Sharq texnika universiteti, Xadjiteppe universiteti va Istanbul texnika universitetlari hamkorligida tashkil etilgan Turkiy davlatlar universitetiga Turkiyaning yuqori malakali professorlarini jalb etish taklifi ilgari surildi.
Uchrashuv davomida universitet tasarrufidagi Onkologiya kasalliklari shifoxonasi, Teknokent va jigar transplantatsiyasi laboratoriyalarida oʻzbekistonlik mutaxassislarning stajirovka oʻtash va ilmiy tadqiqot olib borish imkoniyatlarini yaratish borasida muzokaralar olib borildi.
Universitetning Stomatologiya maktabi va Oʻzbekiston OTMlari oʻrtasida akademik almashinuv dasturlarini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, universitetda amalda boʻlgan oʻzbek tilini oʻrganish dasturlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Moddiy-texnik baza bilan tanishish maqsadida jamgʻarma va universitet delegatsiyasi Beytepe kampusida joylashgan Teknokentga tashrif buyurdi. Teknokent yirik innovatsion texnopark boʻlib, universitetning ilmiy salohiyatini sanoat bilan bogʻlashga ixtisoslashgan. 2024-yilda Teknokentda 342 ta R&D kompaniya faoliyat yuritgan va 700 mln AQSH dollari miqdorida eksport amalga oshirilgan.
Shuningdek, jamgʻarma vakillari tomonidan dasturiy taʼminot yoʻnalishida faoliyat yurituvchi “Loop Games” va “JotForm” kompaniyalari bilan jonli muloqotlar oʻtkazildi.

