“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova Turkiyaga amalga oshirgan xizmat safari doirasida Turkiya Oliy taʼlim kengashi raisi Erol Ozvar bilan muzokaralar olib bordi.
Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari tashabbusi bilan soʻnggi yillarda ikki davlat munosabatlari sezilarli darajada mustahkamlanib, oʻzaro ishonch ruhida strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik darajasiga koʻtarilganligi qayd etildi. Ushbu uchrashuv ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasidagi muloqotning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Tomonlar oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik istiqbollarini, jumladan, kadrlar tayyorlash boʻyicha yangi dasturlar va qoʻshma ilmiy-akademik tashabbuslarni yoʻlga qoʻyish masalalarini muhokama qildilar.
Akademik almashinuvni kengaytirish, qoʻshma ilmiy-tadqiqot dasturlarini yoʻlga qoʻyish va kadrlar salohiyatini oshirish orqali ikki mamlakat oʻrtasida barqaror, uzoq muddatli va strategik ahamiyatga ega hamkorlikni shakllantirish uchun qulay sharoit yaratilmoqda.
Taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonlik talabalarning aksariyati Turkiyada bakalavriat dasturlari boʻyicha tahsil olmoqda. Shu bois magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha taʼlimni kengaytirish uchun hamkorlikni faollashtirish taklif etildi. Xususan, turkiy xalqlar tarixi, tili va adabiyoti forumlariga oʻzbekistonlik professor va tadqiqotchilarni keng jalb etish, akademik mobillik va professor almashinuvi dasturlarini yoʻlga qoʻyish, xalqaro tadqiqotchilarning Oʻzbekiston va Turkiya ilmiy markazlarida ishlashi uchun sharoitlar yaratish boʻyicha tashabbuslar qoʻllab-quvvatlandi.
Bundan tashqari, 400 nafar tadqiqotchiga Turkiyaning ilmiy markazlari va laboratoriyalaridan foydalanish imkoniyatini berish va loyihani birgalikda moliyalashtirish, Oʻzbekistonning “AI and Data Science School” dasturiga (sunʼiy intellekt va maʼlumotlarni tahlil qilish boʻyicha ingliz tilida oltita moduldan iborat 14 haftalik kurs) qoʻshilishi kabi tashabbuslar koʻrib chiqildi. Transplantatsiya tibbiyoti va yuqori texnologiyali hamda chuqur tadqiqotlar talab qilinadigan sanoat tarmoqlari uchun oʻzbekistonlik mutaxassislarga moʻljallangan maxsus stajirovka va ilmiy tadqiqot dasturlarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Toshkentda Oʻzbekiston va Turkiya rektorlari forumini oʻtkazish taklif etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar bildirilgan loyiha va tashabbuslarni batafsil ishlab chiqish, shuningdek, ikki tomonlama memorandum va bitimlarni tayyorlash boʻyicha qoʻshma komissiya tuzishga kelishib oldilar.

