Turkiyaga xizmat safari doirasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova Xorijda yashovchi turklar va qardosh xalqlar agentligi (YTB — Yurtdışı Türkler ve Akraba Topluluklar Başkanlığı) raisi Abdulhadi Turus bilan uchrashdi.
Oʻzbekistonda inson kapitalini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilanganligi taʼkidlandi. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bu yoʻnalishda Oʻzbekiston taraqqiyotining ustuvor sohalariga zamonaviy xalqaro bilim va koʻnikmalarga ega professional kadrlarni tayyorlash tizimining muhim boʻgʻinlaridan biriga aylanmoqda.
Agentlik raisi Abdulhadi Turusning aytishicha, Turkiya har yili “Türkiye Bursları” yetakchi davlat stipendiya dasturi doirasida Oʻzbekiston fuqarolari uchun oʻrtacha 230 tagacha grant ajratadi. Bu grantlar oʻqish, yashash, sugʻurta va aviachiptalarni qamrab oladi. Muzokaralar yakunida tomonlar kelgusi yilda kvotani 250 tagacha koʻpaytirish boʻyicha kelishuvga erishdi, bu ikki davlat oʻrtasidagi taʼlim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam hisoblanadi. Shuningdek, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi vakillari Oʻzbekistonda “Türkiye Bursları“ dasturi boʻyicha har yilgi suhbat oʻtkazish komissiyasi tarkibiga kiritiladi.
Tomonlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasining ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq qoʻshma taʼlim dasturini ishlab chiqishga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Turkiyaning yetakchi oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi. Turkiy xalqlar tarixi, tili va madaniyati boʻyicha tadqiqotlar olib borayotgan talabalarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shu bilan birga, YTB agentligi bilan oʻzbekistonlik professor-oʻqituvchilar va davlat xizmatchilari uchun “Kotib ota” uch oylik dasturi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari uchun “Oliy taʼlim menejmenti” dasturida boʻyicha qoʻshimcha kvotalar ajratilishiga kelishildi.
Ijrochi direktor G. Ismailova “Oxford Uzbek Studies” modeli asosida Turkiya universitetlarida oʻzbek tili va madaniyatini oʻrganish dasturini yoʻlga qoʻyish tashabbusini ilgari surdi. Agentlik gʻoyani qoʻllab-quvvatladi va loyihani hamkorlikda ishlab chiqishga qiziqish bildirdi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi Oʻzbekistonning iqtidorli yoshlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish va mamlakatning inson kapitalini mustahkamlashga hissa qoʻshish maqsadida xalqaro aloqalarni faol kengaytirishni davom ettirmoqda.

