Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash, ularda kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish va ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi Farmoniga muvofiq, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi vazirlik va idoralar, tahlil markazlari va iqtisodiyotning turli sohalaridagi davlat tuzilmalari bilan strategik hamkorlikni faol kengaytirmoqda.
Maqsad — yosh mutaxassislarning Oʻzbekiston kasbiy muhitiga moslashishiga hamda iqtisodiyotning asosiy sohalarida ish faoliyatini boshlashiga koʻmaklashishdir. Buning uchun jamgʻarma stipendiatlarining vazirliklar, idoralar va strategik korxonalar uchun ochiq boʻlgan yagona raqamli maʼlumotlar bazasi shakllantirilmoqda. Bu raqamli texnologiyalar, energetika, iqtisodiyot, innovatsion boshqaruv, huquq va boshqa sohalarga xorijda taʼlim olgan mutaxassislarni maqsadli jalb etish imkonini beradi.
Ushbu yoʻnalishdagi amaliy qadamlardan biri sifatida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mamlakatimiz vazirlik va idoralari rahbariyati bilan iqtidorli kadrlarni tayyorlash, ularning stajirovkasini tashkil etish va ishga joylashtirish sohasida hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirishga qaratilgan bir qator tizimli uchrashuvlar oʻtkazmoqda. Ilk uchrashuvlar Raqamli texnologiyalar vazirligi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbariyati bilan boʻlib oʻtdi.
Ushbu uchrashuvlarning asosiy maqsadi xorijiy oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilari va jamgʻarma stipendiantlarini davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning turli sohalariga amaliy jihatdan integratsiya qilishning barqaror tizimini yaratish, shuningdek, milliy rivojlanish ustuvorliklarini hisobga olgan holda mutaxassislarni maqsadli tayyorlash mexanizmlarini yoʻlga qoʻyishdan iborat.
Muloqot davomida kadrlarni professional tayyorlash, akademik aloqalarni kengaytirish, sohalardagi dolzarb vazifalarni hal etishga xalqaro tajribaga ega yosh mutaxassislarni jalb etish boʻyicha istiqbolli loyihalar muhokama qilinmoqda. Davlat muassasalarida yozgi amaliyot va stajirovkalarni oʻtkazish uchun shart-sharoitlar yaratish, “Internship Program” dasturini ishga tushirish, shuningdek, bitiruvchilarni davlat boshqaruvi tuzilmalariga maqsadli ishga joylashtirish tizimini ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, jamgʻarma xorijda boʻlib, xalqaro tashabbuslarni ilgari suradigan, Oʻzbekistonning dunyoning yetakchi universitetlari va tahliliy markazlari bilan akademik va ilmiy aloqalarini mustahkamlaydigan vazirlik va idoralar huzuridagi “elchilar” sifatida stipendiantlar ishtirokini kengaytirish — “Vazirlik ambassadori” tizimini taklif etmoqda.
Shu bilan bir vaqtda, jamgʻarma portalida “Vazirlik va idoralar” maxsus boʻlimini yaratish ustida ish olib borilmoqda. Bu boʻlim stipendiantlar, ularning taʼlim yoʻnalishlari, amaliyotlari va tadqiqot loyihalari toʻgʻrisida yagona raqamli maʼlumotlar bazasini shakllantirish, shuningdek, idoralarga individual tahliliy boshqaruv panellaridan foydalanish imkonini beradi.
Bugungi kunda jamgʻarmaning hamkorlar tarmogʻi 50 dan ortiq yetakchi xorijiy universitetlar, xalqaro tashkilotlar va ilmiy markazlarni oʻz ichiga oladi. Bu imkoniyatlar har bir sohaning kadrlarga boʻlgan ehtiyojini qondirishga yoʻnaltiriladi.
Tashabbusning uzoq muddatli maqsadi 2026–2030-yillarga moʻljallangan qoʻshma taʼlim, tadqiqot va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, xorijiy bitiruvchilarni birlashtiruvchi va ularning davlat boshqaruvi tizimi hamda milliy iqtisodiyotga samarali integratsiyasini taʼminlovchi Global Uzbekistan Talent Hub platformasini yaratishdan iborat.

