Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati, Buyuk Britaniyaning University College London (UCL) universiteti magistratura bosqichi bitiruvchisi Bobur Turayev “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Bobur Turayev — Oʻzbekiston pediatrik kardiojarrohligi rivojiga beqiyos hissa qoʻshayotgan yosh va fidoyi shifokor, Toshkent davlat tibbiyot universitetining bolalar koʻp tarmoqli klinikasi kardioxirurgiya boʻlimi kardiojarrohi. 2019-yildan buyon 1000 dan ortiq bemor bolalarda yurak operatsiyalarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan.
2025-yil avgust oyida u Oʻzbekistonda ilk bor noyob yurak operatsiyasini amalga oshirdi — bemorning oʻz yurak toʻqimasidan klapan yasab, oʻtkazilgan kardiojarrohlik amaliyoti mamlakat tibbiyotida tarixiy burilish sifatida baholandi va milliy hamda xalqaro OAVlarda keng yoritildi.
Ilmiy sohada ham faol boʻlgan Bobur Turayev 20 taga yaqin ilmiy maqolalar (PubMed, Scopus, Google scholar) muallifi, oʻnlab xalqaro kongresslarda oʻz izlanishlari bilan qatnashib, mamlakatimiz ilm-fanini dunyo miqyosida tanitib kelmoqda.
Eslatib o ʼtamiz, joriy yilning sentabr oyida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan oʻtkazilgan “The EYUF Awards 2025” tanlovida Bobur Turayev “Jamiyatga qoʻshgan ulkan hissasi uchun” nominatsiyasida eʼtirof etildi.

