“El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori, professor Gulnoza Ismailova “Davlat boshqaruvida ayollarning roli: Oʻzbekiston kelajagini shakllantirayotgan islohotlar ovozi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada (https://t.me/BSA_uz/17554) nutq soʻzladi.
Taʼkidlanishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda rivojlanishning yangi modeli shakllanmoqda — bunda taʼlim va teng imkoniyatlar islohotlarning haqiqiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. Birgina misol: soʻnggi 7-yilning oʻzida magistraturada tahsil olayotgan xotin-qizlar soni deyarli 11 barobar oshdi. Davlat ularning taʼlim olishini moliyalashtirishni davom ettirmoqda.
Bugun ayollar ilm-fan, muhandislik, axborot texnologiyalari, tadbirkorlik, davlat boshqaruvi kabi turli sohalarda oʻzlarini faol namoyon etmoqdalar.
“Biz murakkab va noanʼanaviy kasblarni tanlashdan choʻchimaydigan qizlar tobora koʻpayib borayotganini koʻryapmiz. Ular qoliplarni buzib, minglab boshqalarga ibrat boʻlishmoqda. Bu — oʻziga ishonch bilan imkonsiz narsaning oʻzi yoʻqligining jonli isbotidir”, — dedi jamgʻarma ijrochi direktori.
Buni “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyati misolida ham koʻrish mumkin. 2025-yil 1-ochiq stipendiya tanlovi gʻoliblarining 25 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Ularning har uchinchisi STEM yoʻnalishlarini, yaʼni fan, texnologiya, muhandislik, matematikani tanlagan.
“Ayollar taʼlimiga sarmoya kiritish orqali biz millat kelajagiga sarmoya kiritamiz. Zero, bugungi qizlarimiz ertangi rahbarlar, vazirlar, muhandislar, professorlar va yangi avlod innovatorlarining onalaridir. Ular shunchaki karyera qurmaydi — ular Yangi Oʻzbekistonni barpo etadi”, — dedi G. Ismailova.
Maʼlumot uchun: xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya Boshqaruv samaradorligi agentligi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan birgalikda tashkil etilgan (https://t.me/BSA_uz/17554).
Konferensiya maqsadi — 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosi, xususan, ayollarning davlat xizmatidagi oʻrnini eʼtirof qilish hamda sohada ilgʻor tajribalarni muhokama qilishdan iborat.

