Bugun, 30-oktabr kuni Samarqand shahrida Oʻzbekiston – Yaponiya oliygohlari rektorlarining V forumi oʻz ishini boshladi.
Xalqaro anjumanda ikki mamlakatning 50 ga yaqin nufuzli universitetlari rektor, prorektor va oʻzaro hamkorlik qilayotgan professor-oʻqituvchilar qatnashmoqda. Ushbu nufuzli tadbirda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori, professor Gulnoza Ismailova oʻz nutqi bilan ishtirok etdi.
Taʼkidlangandek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Oʻzbekiston kelajakning harakatlantiruvchi kuchi sifatida taʼlimga eʼtibor qaratmoqda.
“Bu shunchaki oliy taʼlim tizimi islohoti emas. Bu — bilim imtiyoz emas, balki har bir inson uchun imkoniyat boʻlgan mamlakat rivojlanishining yangi modelidir”, — dedi Gulnoza Ismailova.
Bugungi kunda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi yangi avlod yetakchilarini shakllantirishga koʻmaklashadigan milliy dasturga aylanmoqda. Stipendiatlar dunyoning nufuzli oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan yosh tadqiqotchilar, muhandislar, huquqshunoslar, iqtisodchilar, shifokorlar sifatida Oʻzbekistonga qaytmoqda. Ular Vatanga nafaqat diplom bilan, balki yangi fikrlar, gʻoyalar, loyihalar, tajriba va masʼuliyat tuygʻusi bilan qaytmoqda.
Gulnoza Ismailova taʼkidlashicha, Yaponiya Oʻzbekistonning hamkorlari orasida alohida oʻrin egallaydi, chunki bu mamlakat aniqlik va insonparvarlikni, innovatsiya va anʼanalarni, texnologiyalar va jamiyat uygʻunligini oʻzida mujassam etgan.
Jamgʻarma ijrochi direktori bir qator istiqbolli tashabbuslarni taqdim etdi. Xususan, Yaponiyaning yetakchi universitetlari bilan qoʻshma tadqiqot va taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, doktorantlar va davlat xizmatchilari uchun akademik almashinuv va stajirovkalarni tashkil etish, yapon professor va tadqiqotchilarini Oʻzbekiston universitetlariga taklif qilish, Yaponiyada oʻzbek tili, adabiyoti va madaniyatini oʻrganish dasturini ochish, Oʻzbekistonda Yapon texnologiyalari va innovatsiyalari markazlarini tashkil etish ular qatoridan.
Talabalar va yosh olimlarning roli haqida soʻz yuritarkan, professor G. Ismailova bugungi kunda Yaponiyada tahsil olayotgan oʻzbekistonlik stipendiatlar kam sonli boʻlishga qaramay, sezilarli yutuqlarga erishayotganini taʼkidladi. Ular orasida Osaka universiteti doktoranti Ulugʻbek Yaxshimurodov ham bor. U M2 tipidagi makrofaglarni olishning patentlangan usulini ishlab chiqdi. Bu jahon biotibbiyoti uchun jiddiy yutuq boʻlib, yurak-qon tomir kasalliklarini davolashda yangi imkoniyatlar ochadi.
“Bunday misollar oʻzbekistonlik yoshlar eng ilgʻor ilmiy jarayonlarga qoʻshilib, global ilm-fanga haqiqiy hissa qoʻshishga qodir ekanining yorqin isbotidir”, — dedi G. Ismailova.
Forum oʻz ishini davom ettirmoqda. Uning doirasida ikki davlat universitetlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qoʻshma loyihalar orqali akademik mobillik va ilmiy dasturlarni yoʻlga qoʻyish, oʻquv jarayoniga professor-oʻqituvchilarni taklif qilish, hamkorlikda ilmiy loyihalarda ishtirok etish kabi bir qator muhim masalalar boʻyicha muzokaralar olib boriladi.

