Oksford universitetining Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari fakultetida Oksford oʻzbekshunoslik dasturi yoʻlga qoʻyildi. Ushbu dastur doirasida endilikda dunyoning eng nufuzli universitetlaridan birida zamonaviy va qadimiy oʻzbek tillari oʻqitiladi. Ushbu tashabbus nafaqat oʻzbek ilm-fani va madaniyati, balki butun milliy oʻzligimiz uchun, ayniqsa Oʻzbek tili bayrami kuni arafasida ramziy ahamiyatga ega.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova, Oksford universiteti ilmiy doiralari vakillari, shuningdek, Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan jamgʻarma stipendiatlari ishtirok etdilar.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan Oksford universiteti bilan hamkorlikda, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti koʻmagida amalga oshirilayotgan Oksford oʻzbekshunoslik dasturi oʻqitish, ilmiy tadqiqot loyihalari, yozgi maktablar va akademik almashinuvlarni qamrab oladi.
Dasturning maqsadi oʻzbek tili va madaniyatini xalqaro miqyosda tizimli ravishda targʻib qilish, Oʻzbekistonni, uning boy merosi va zamonaviy islohotlarini oʻrganish uchun mustahkam ilmiy platforma yaratishdan iborat.
Loyiha doirasida oʻzbek tili, adabiyoti va tarixini oʻqitish uchun Toshkentdan Oksfordga professor va tadqiqotchilar yuborilishi, “UzAcademy” elektron taʼlim platformasini takomillashtirish va uni Oksford ilmiy resurslariga integratsiya qilish, oʻzbek tili haqida darsliklar va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarni nashr etish hamda Buyuk Britaniya universitetlariga yetkazib berish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, har yili Buyuk Britaniyadan talabalar Oʻzbekistonga kelib, mamlakat tili, tarixi va madaniyatini oʻrganish, islohotlar jarayonini oʻz koʻzi bilan koʻrish, zamonaviy Oʻzbekistonning hayot maromini va kelajakka intilib, asrlar merosini asrab-avaylayotgan xalq ruhini his qilish imkoniyatiga ega boʻladi.
— Oksfordda oʻzbek va qadimiy oʻzbek tillarini oʻqitishning yoʻlga qoʻyilishi xalqimizning boy madaniy merosi eʼtirofidir. Oʻzbekiston uchun til shunchaki muloqot vositasi emas, balki millatning maʼnaviy kodi, buyuk oʻtmish va zamonaviy taraqqiyot oʻrtasidagi bogʻliqlikdir. Biz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga taʼlim sohasiga koʻrsatayotgan eʼtibori, inson kapitalini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlayotgani va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bugun jahon darajasidagi loyihalarni amalga oshirishiga boʻlgan ishonchi uchun hamda Oksford universiteti rahbariyatiga ochiqlik, qiziqish va hamkorlikka tayyorligi uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz, — dedi Gulnoza Ismailova.
Oksford oʻzbekshunoslik dasturi Sharq va Gʻarb oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtab, sivilizatsiyalar muloqoti, madaniy aloqalarni chuqurlashtirish uchun yangi maydon yaratadi hamda xorijdagi oʻzbekistonlik stipendiatlar va talabalarni xalqaro maydonda Oʻzbekistonning zamonaviy qiyofasini aks ettiruvchi oʻziga xos ziyolilar hamjamiyatiga birlashtiradi.

