Londonga xizmat safari doirasida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi rahbariyati Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri — Queen Mary University of London vakillari bilan uchrashdi.
Tomonlar hamkorlikning hozirgi holati va kelajak istiqbollarini muhokama qildilar.
Queen Mary universiteti maʼmuriyati Oʻzbekistonda taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, yangi avlod kadrlarini tayyorlashda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatining ahamiyatini alohida taʼkidladi.
Qayd etilishicha, universitet jamgʻarma stipendiatlari uchun oʻqish toʻloviga maksimal darajada — 20% chegirma taqdim etgan boʻlib, bu universitet uchun rekord koʻrsatkichdir. Tomonlar sheriklikni yanada rivojlantirishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqlashdi.
Alohida eʼtibor akademik integratsiya, amaliyot va talabalarni ilmiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash masalalariga qaratildi. Uchrashuv davomida qoʻshma dasturlar tashkil etish, kasbiy amaliyot oʻtkazish va talabalarni oʻqish davrida qoʻllab-quvvatlash boʻyicha rejalar muhokama qilindi.
Rasmiy qismdan soʻng Queen Mary universitetida tahsil olayotgan 20 nafarga yaqin stipendiatlar bilan uchrashuv oʻtkazildi. Jamgʻarmaning ijrochi direktori Gulnoza Ismailova yoshlarning faol pozitsiyasi uchun minnatdorchilik bildirib, aynan ular Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini qoʻyayotgan yangi avlod vakillari ekanligini taʼkidladi.
Ochiq muloqot davomida talabalar oʻz yutuqlari haqida soʻzlab berib, oʻqish haqidagi taassurotlari bilan oʻrtoqlashdilar va oʻqishni tugatgandan soʻng amaliyot oʻtash hamda ish topish imkoniyatlari haqida savollar berdilar. Jamgʻarma rahbariyati taʼlim jarayonlari va talabalarning yashash sharoitlarini monitoringini amalga oshirib, ularning bilim darajasi va oʻqishga boʻlgan ishtiyoqi yuqori ekanligini qayd etdi.

